"Dori-Darmon" AK “SNS Ratings” reytengida
“SNS Ratings” reyting agentligi “DORI DARMON” aksiyadorlik kompaniyasiga 2021 yil 1- yarim yillik natijalari bo‘yicha milliy shkalada (uz) “A+” darajada "BARQAROR" prognozi bilan qimmatli qog‘ozlar emitenti korxonasining reytingini berdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr yakuni bo‘yicha “DORI DARMON” AK faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishni ko‘rsatdi, deyiladi kompaniya rasmiy veb-saytida. Bunda 2021 yil 1- yarim yillikda kompaniyaning aktivlari 2020 yil 1- yarim yilligiga nisbatan 35,94 foizga o‘sdi va 362,4 milliard so‘mga yetdi.
2021 yil 1- yarim yillik yakuni bo‘yicha “DORI DARMON” AK ning likvidlik ko‘rsatkichlari yuqori darajani ko‘rsatdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda “DORI DARMON” AKning yuqori likvidli va joriy aktivlari barqaror o‘sdi, bu esa o‘z navbatida, korxonaning mutlaq likvidlik koeffitsiyentining mustahkamlanishiga olib keldi. Shu bilan birga, “DORI DARMON” AK ning muddatli likvidlik koeffitsiyenti 4,86 foizni tashkil etdi, joriy likvidlik koeffitsiyenti esa tavsiya etilgan darajadan ancha yuqori – tavsiya etilgan 60 foizdan 179,13 foiz darajada bo‘ldi.
2021 yil birinchi yarim yilligida “DORI DARMON”AK ning xususiy kapitali 45,16 foizga o‘sdi va 127,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Kapital bazasining o‘sishi natijasida ko‘rib chiqilayotgan davrda kompaniyaning moliyaviy mustaqilligi va rentabelligi ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikani va yuqori o‘sishni ko‘rsatdi. Savdo daromadlari 133,2 milliard so‘mgacha oshdi – 2020 yil 1 yarim yillik yakuniga nisbatan 5 barobarga, yalpi daromad esa 7,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Natijada 2021 yil 1 yarim yillik yakuni bo‘yicha, boshqaruvning olib borgan malakali faoliyati tufayli, “DORI DARMON” AK 6,4 mlrd. so‘m hajmda sof foyda bilan chiqdi va shu davr bo‘yicha korxonaning aktivlar va xususiy kapital rentabelligi ko‘rsatkichlari mos ravishda 1,78 foiz va 5,08 foizni tashkil etdi.
Ushbu ko‘rsatkichlar “DORI DARMON” AK aksiyalarining investitsion jozibadorligi va aksiyalar qimmatli qog‘ozlar ikkilamchi bozorida aylanishini oshirishga, shuningdek, korxona xalqaro moliya bozoriga chiqishini ta’minlashga va davlat kafilligisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilishga imkon beradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA