“Doʻstlik” videoroliklar tanlovi eʼlon qilindi
Diqqat, tanlov! Davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yoʻnalishlaridan biri – yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishdan iborat.
Diqqat, tanlov!
Davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yoʻnalishlaridan biri – yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishdan iborat.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2011-yil 3-maydagi rezolyutsiyasiga koʻra, 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni, deb eʼlon qilingan.
2020-yil 24-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Doʻstlik haftaligi”ni va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivalini oʻtkazish taklif qilindi.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda 2020-yil 23-30-iyul kunlari Xalqaro doʻstlik kuni doirasida madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-amaliy va siyosiy tadbirlardan iborat haftalik oʻtkazish rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi “Doʻstlik” videoroliklar tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda tashkilotchi deb ataladi) tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Hamkor tashkilotlar:
Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish fondi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi.
Maqsad – doʻstlik gʻoyalarini tarannum etish, boshqa millat vakillari va boshqa dinga eʼtiqod qilayotgan kishilar dunyoqarashiga nisbatan bagʻrikeng boʻlish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishni targʻib qilish.
Tanlov shartlari:
– insonlar va xalqlar oʻrtasidagi samimiy doʻstlik gʻoyalarini tarannum etish;
– Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi turli millat va elatlar oʻrtasida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar;
– milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlarining faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar va doʻstlik aloqalarini rivojlantirish;
– dunyo xalqlari, ayniqsa, yoshlar orasida turli millatlar tili, madaniyati, anʼanalari, urf-odatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish gʻoyalari aks etishi lozim.
Tanlov ishtirokchilari 27-iyul kuni quyidagi nominatsiyalar boʻyicha qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi:
1. “Eng yaxshi rolik” (1, 2, 3-oʻrinlar)
2. “Eng yaxshi sahnalashtirilgan rolik” (1, 2, 3-oʻrinlar)
3. “Eng yaxshi animatsion rolik” (1, 2, 3-oʻrinlar)
4. “Eng yaxshi “3D” oʻlchamdagi rolik” (1, 2, 3-oʻrinlar)
Tanlovda gʻolib boʻlgan videoroliklar “Doʻstlik” haftaligi davomida OAV va internet tarmogʻida namoyish etib boriladi.
Tanlovga qoʻyilgan videoroliklar tashkilotchi matbuot xizmatining (98) 304-61-08 telefon raqamidagi telegram kanaliga yoki gayratulla@mail.ru elektron manziliga yuborilishi kerak.
Aloqa telefonlari: (71) 253-58-09, (71) 253-58-72.