Diniy materiallarni tekshirish uchun maxsus Telegram bot ishga tushirildi
Endilikda fuqarolar diniy mazmundagi materiallarning ruxsat etilgani yoki taqiqlangani haqida maxsus Telegram bot orqali tezkor va qulay ma’lumot olishlari mumkin. Yangi tizim Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida ishga tushirildi.
Mazkur “Din.uz bot” chat-boti orqali foydalanuvchilar diniy adabiyotlar, ijtimoiy tarmoqlardagi profillar, shuningdek ayrim shaxs va tashkilotlar faoliyati qonunchilikka muvofiq yoki taqiqlanganini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mutasaddilarga ko‘ra, loyiha ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik va radikal g‘oyalar tarqalishining oldini olish, ayniqsa yoshlarni noqonuniy diniy kontent ta’siridan himoya qilish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Botdan foydalanish uchun telegram qidiruv tizimiga “Din.uz bot” nomini kiritish va “Start” tugmasini bosish kifoya. Shundan so‘ng foydalanuvchi lotin yoki kirill alifbosini tanlaydi va tizimdagi xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bot quyidagi asosiy bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
— taqiqlangan profillarni tekshirish;
— diniy adabiyotlarni tekshirish;
— taqiqlangan shaxs va tashkilotlar ro‘yxati;
— Umra litsenziyasiga ega turfirmalar;
— rasmiy diniy sayt va kanallar;
— huquqiy hujjatlar;
— izoh va takliflar bo‘limi.
Masalan, “Taqiqlangan profillarni tekshirish” xizmatida foydalanuvchiga Oliy sud qarori bilan taqiqlangan profillar haqida ma’lumot taqdim etiladi. Unda profil nomi, faoliyat yuritayotgan ijtimoiy tarmoq, izoh va asoslovchi hujjatlar ko‘rsatiladi.
“Diniy adabiyotlarni tekshirish” bo‘limida esa kitob yoki material nomi, muallifi, nashriyoti, chop etilgan sanasi hamda dinshunoslik ekspertizasi xulosasi haqida ma’lumot olish mumkin.
Shuningdek, tizim orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa vakolatli tashkilotlarning rasmiy sayt hamda axborot kanallariga ham kirish imkoni yaratilgan. Bu fuqarolarga diniy mavzulardagi ishonchli va tekshirilgan manbalardan foydalanishda yordam beradi.
Hamroz Bayonov, O‘zA