DFC bosh ijrochi direktori bilan muzokara toʻgʻrisida
Oʻzbekistonda qoʻshma Investitsiyaviy jamgʻarma tashkil qilish bilan bogʻliq masalalar va tuzilmaning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarga toʻxtalib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi Bosh ijrochi direktori Adam Boler oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan hamkorlikning joriy masalalari muhokama qilindi. Transport-logistika sohasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonda qoʻshma Investitsiyaviy jamgʻarma tashkil qilish bilan bogʻliq masalalar va tuzilmaning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarga toʻxtalib oʻtildi.
Amerika tomoni Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha erishilgan kelishuvlarni, jumladan, xususiy sektorni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ustuvor infratuzilmaviy loyihalar va tashabbuslarni birgalikda moliyalashtirish yoʻli bilan amalga oshirishga sodiqligini tasdiqladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoni ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlantirishga, mintaqa mamlakatlari va Afgʻonistonning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga qaratilgan izchil va natijador hamkorlikka qiziqish mavjudligi taʼkidlandi.
Muzokara yakunlariga koʻra pejalashtirilgan tadbirlar va loyihalarni tezkor ravishda amalga oshirishga qaratilgan yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
matbuot xizmati