Deputatlikka nomzodlarning malakasi oshirilmoqda
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga siyosiy partiyalar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. "Adolat" SDP Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga bir mandatli okruglardan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun maxsus seminar-trening tashkil etildi.
Seminarni O‘zbekiston "Adolat" SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova kirish so‘zi bilan ochib, ushbu tadbir saylovlarda partiyadan Qonunchilik palatasiga ko‘rsatilgan nomzodlarning strategik, taktik va amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim rol o‘ynashini aytib o‘tdi.

Shuningdek, mazkur seminarlar deputatlikka nomzodlarning saylov jarayoniga oid barcha bosqichlarda munosib ishtirok etishi va o‘z saylov ma’ruza hamda platformalarini tayyorlashda kerakli uslubiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov aralash saylov tizimi mohiyati, uning oldingi saylov tizimidan farqi xususida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, bu yilgi saylovlar yurtimiz saylov qonunchiligiga ko‘ra, yangi amaliyot asosida o‘tkaziladi. Bu esa, o‘z navbatida, siyosiy partiyalar uchun ham, ulardan ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun ham qizg‘in raqobat muhitini yuzaga keltiradi.

Seminar davomida saylov qonunchiligi va uning huquqiy asoslari, nomzodlarning ijtimoiy maqomi, ularning saylov jarayonidagi huquqlari kabi masalalar muhokama qilindi. Ushbu muhim siyosiy jarayonda partiyaning faol ishtirokini yuqori saviyada ta’minlash lozimligi qayd etildi.
M.Komilova,
O‘zA