Deputatlar vaksinatsiya jarayoniga mas’ul
Toshkent viloyati Qibray tumaniga joriy yil 31 mart kuni 6 ming 500 doza ASTRA ZENECA hamda 7 ming 655 doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinasi olib kelingan edi.
Shu kuni 1-bosqichda COVID-19 ga qarshi emlash o‘tkazish uchun ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va uning TashIES, Limonariy filiallari qoshida tashkil etilgan emlash punktlariga belgilangan standart talablari asosida yetkazib berildi.
1 apreldan boshlab tumanimizda 1-bosqichda COVID-19 ga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlandi.
Ushbu vaksinalar bilan yurtimizning boshqa hududlaridagi kabi 65 yoshdan katta keksalarimiz hamda tibbiyot xodimlari emlanmoqda.
ASTRA ZENECA vaksinasi bilan emlash 2 marotaba, Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAK2001 vaksinasi bilan emlash 3 marotaba amalga oshiriladi.
Emlash jarayoniga tumandagi barcha oilaviy poliklinika va ularning hududiy filiallarida tashkil etilgan emlash punktlarida mazkur tadbirni xavfsiz o‘tkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan. Emlash punktlarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan malakali mutaxassislardan iborat brigadalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Biz deputatlar bu jarayonni ham nazardan chetda qoldirmadik. Emlanuvchi kontingent dastlab vrach ko‘rigidan o‘tkazilishi muhim. Emlashga ruxsat etilgan fuqarolar o‘z ixtiyoriga ko‘ra ASTRA ZENECA yoki ZF-UZ-VAK2001 vaksinasi bilan emlangandan keyin 30 daqiqa davomida kuzatib, keyinchalik 3 kun davomida patronaj nazoratiga olinmoqda.
Qibray tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi rahbari Behzod Beknazarovning ma’lum qilishicha, mazkur ommaviy emlash doirasida dastlabki 3 kun mobaynida jami 129 nafar, shundan 44 nafari 65 yoshdan oshganlar, 68 nafar tibbiy xodimi, 2 nafar maktab o‘qituvchisi va 15 nafar turli qo‘shimcha kasalliklari mavjud, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar emlanib, emlanganlar o‘rtasida emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar qayd etilmadi.
Doniyor YUSUPOV,
Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashi deputati.
O‘zA