Deputat: muammolarga yechim topilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Mo‘ynoq va Kegeyli tumanlarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi hamda joylardagi dolzarb muammolarni bevosita o‘rgandi.
Xususan, Nukus shahridagi Isbilermenler aymag‘ы mahallasida tashkil etilgan uchrashuvlarda “ijtimoiy himoya daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularning yashash sharoitlari atroflicha o‘rganildi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan yer munosabatlariga oid masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.

Mo‘ynoq tumanidagi Tik o‘zak va Mo‘ynoq mahallalarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa “mahalla yettiligi” a’zolari bilan hududda amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati hamda aholi bilan olib borilayotgan manzilli ishlar muhokama qilindi. Aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Shuningdek, Kegeyli tumani “Juzimbag‘” hududida ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammo o‘rganilib, mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda uni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilandi.

Deputat tashrifi davomida Mo‘ynoq tumani tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan ham tanishib, tibbiy xizmat sifati, mavjud muammolar va ehtiyojlarni o‘rgandi. Xizmatlar sifatini oshirish hamda shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, hududlarda “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasida o‘tkazilgan ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etilib, atrof-muhitni asrash va ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ishlar qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvlar davomida ko‘tarilgan barcha masalalar deputat tomonidan nazoratga olinib, ularni tezkor va samarali hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.