Deputat ko‘magida muammolar bartaraf etilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulnoraxon Abduvohidova tomonidan Buloqboshi tumanida o‘tkazilgan navbatdagi fuqarolar qabulida tumandagi “Istiqlol”, “Neftchilar”, “Ko‘prikboshi” va “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi qator masalalar yuzasidan murojaatlar qildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, uning manfaatlari va farovon hayotini ta’minlash masalasi turibdi. Bu borada davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida, xususan, deputatlarning aholi bilan muloqotini kuchaytirish, ularning muammolarini manzilli hal etish va joylardagi dolzarb masalalarga tezkor yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, o‘tkazilgan fuqarolar qabulida aholi tomonidan maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati muntazam yo‘lga qo‘yilmagani, mahallalarga chiqindi tashish maxsus texnikalari kelmay qo‘ygani haqida murojaat qilindi. Masala yuzasidan tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bilan o‘rganishlar olib borilib, tuman hokimining qaroriga asosan hududlardagi chiqindini yig‘ish va olib chiqish xizmatini ko‘rsatuvchi “Yuksak Orzu Baraka” MCHJga chiqindilarni grafik asosida muntazam olib chiqish vazifasi yuklandi va ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan Istiqlol mahallasidagi Gulzor ko‘chasida 700 metr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari to‘liq yakunlanmagani bo‘yicha ham murojaat bo‘ldi. Masala joyida o‘rganilib, tuman suv ta’minoti korxonasi mas’ullari bilan muhokama qilindi. Korxona tomonidan suv tarmog‘i qurilishi ishlari bir oy muddatda to‘liq yakunlanadigan bo‘ldi.

Fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan yuqoridagi va boshqa masalalar ijrosi deputat tomonidan nazoratga olindi. Aholi manfaatlarini ta’minlash, hududlardagi ijtimoiy-infratuzilma bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish hamda odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri