“Deklaratsiyalar muloqoti” xorijlik mutaxassislar nigohida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida turli mamlakat dinshunos olimlari va amaliyotchi mutaxassislari ishtirokida o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ko‘plab xalqaro ekspertlar fikr-mulohaza bildirishmoqda.
Kris Saypl, AQSH Global hamkorlik instituti prezidenti:
— Diniy e’tiqod erkinligi mavzusini muhokama qilish, mavjud barcha an’analarga munosabat bildirish maqsadida Toshkentda yig‘ildik. Darvoqe, men AQSH va O‘zbekiston munosabati haqida dissertatsiya yozganman. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng amalga oshirilayotgan islohotlar aql bovar qilmas darajada tez va samarali tus oldi. Butun dunyo ana shu taraqqiyotni, mamlakatning BMT faoliyatidagi yetakchiligini, masalan, ma’rifat va bag‘rikenglik rezolyutsiyasi qabul qilinganini e’tirof etmoqda. Endilikda biz qonunchilik sohasida, kishilar vaqtida o‘z fikrini bildira olishini ta’minlash yo‘lida ishlayapmiz. Bu galgi xalqaro forum davomida alohida ahamiyatga ega muhim xalqaro hujjat - “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi kutilyapti. Mazkur hujjat avvalgi Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda deklaratsiyalarini to‘ldiradi, degan umiddaman. Anjuman diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga O‘zbekistonning salmoqli hissasi bo‘lib qo‘shilishi aniq.
Umar Sanda Ahmad, Gana qurolli kuchlari bosh imomi, mamlakatning Misrdagi sobiq elchisi:
— O‘zbekistonda ekanimdan juda mamnunman. Umuman, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlardan hayratdaman. Aminmanki, nufuzli xalqaro forumning asosiy natijasi bo‘lishi kutilayotgan “Buxoro deklaratsiyasi” O‘zbekistonda yashayotgan turli din vakillari e’tiqod erkinligini yanada mustahkamlaydi. Bu zamindan jahonga mashhur Al-Buxoriy, At-Termiziy, Moturidiy kabi buyuk zotlarni yetishib chiqqan. Yurtimga qaytgach, hammaga “Islom dini markazi”da bo‘lganimni aytib beraman.
Jeyms Chen, AQSH Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti:
— O‘zbekistonda 3-marta bo‘lishim. Ilk bor 2018 yil kelganman. Har tashrifim davomida mamlakatda e’tirof etsa arzigulik ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapman. Yurtingizda madaniyatlararo diniy savodxonlik borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy qatlamga e’tibor yildan-yilga ortmoqda. Mazkur forum turli din vakillari e’tiqod erkinligini ta’minlash, inson huquq va erkinligini xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga yordam berishi shubhasiz.
U.MAHMIRZAEV yozib oldi.
O‘zA