Defoliatsiya o‘tkazish muddatlari belgilandi
Buxoro viloyati Vobkent tumani “Agromarkaz” MCHJga qarashli paxta qabul qilish maskanida g‘o‘za maydonlarini defoliatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, OVX purkagichlarini ta’mirlash, defoliantlar zaxirasini yaratish, ishchi eritma tayyorlash maydonchalarini tashkil qilish hamda defoliatsiya sifatli o‘tkazilishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilgi dehqonchilik mavsumida viloyat miqyosida 96 ming gektar yerda sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirilayotgan bo‘lsa, shundan ayni kunda 60 ming gektar yerdagi g‘o‘zani defoliatsiyalash taqozo etilmoqda. Buning uchun joylardagi texnika parklari, agroklasterlar va ular bilan yaqin hamkor bo‘lgan fermer xo‘jaliklari tomonidan mavsumda qatnashadigan 137 ta OVX purkagich agregati va VP-600 shay qilingan. Tayinlangan otryadlar tomonidan dala boshida maxsus eritmalarni tayyorlagan holda defoliatsiya agrotexnik tadbirini qisqa muddatda sifatli o‘tkazish talabi qo‘yilgan.

Ayni paytda birgina Vobkent tumanida 10 ming gektar maydonda paxta yetishtirilayotgan bo‘lib, shundan 6 ming 332 gektar maydonda defoliatsiya tadbiri belgilangan. Buning uchun 16 ta OVX purkagich agregati hozirlangan bo‘lib, hududlar miqyosida 44 ta otryad tashkil qilingan va 2 sentyabr kunidan agrotexnik tadbirga uyushqoqlik bilan kirishiladi.

Seminarda defoliatsiya tadbirlari uchun talab etiladigan defoliantlar zaxirasining yaratilishi va ularni qo‘llashdagi me’yoriy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham yig‘ilganlar e’tiboriga havola qilindi.

Shu bilan birga, joriy yildan Buxorodagi ko‘p tarmoqli paxta–to‘qimachilik klasterlari tomonidan yangi tashabbus asosida Xitoy davlatidan olib kelib ekilgan va Xitoyning yetakchi olimlari ishtirokida parvarishlanayotgan paxta maydonlarida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning natijadorligi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Defoliatsiya tadbirlari bo‘yicha mas’ul rahbarlarning axborotlari tinglanib, mavsumda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri