Davra suhbati: siyosiy partiyalarning roli oshadi
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishda siyosiy partiyalarning o‘rni va roli” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.
Bugun siyosiy partiyalar hamda vakillik organlari qabul qilinayotgan davlat dasturlari mazmun-mohiyatida xalqimiz xohish-irodasini ifodalash, davlat siyosatini belgilash va amalga oshirishda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.
Davra suhbatida “O‘zbekiston–2030” strategiyasidan o‘rin olgan 5 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsadni amalga oshirishda siyosiy partiya va partiya guruhlari ishtirokini ta’minlash, bajarilgan ishlar holatini tahlil qilish hamda jamoatchilik nazoratini olib borishda mahalliy Kengash deputatlari o‘rni, ularning sessiyalar kun tartiblariga kiritayotgan takliflarining partiya dasturiy maqsadlariga mosligi, partiya guruhi so‘rovlarini yuborish va eshituvlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
[gallery-14825]
– “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 79- maqsadi Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirishga bag‘ishlangan, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov. – Unda parlament va uning organlari ish jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish, shu jumladan, ular tomonidan qarorlar qabul qilish va e’lon qilish jarayonlarini 100 foiz raqamlashtirish, saylovchilar bilan elektron muloqot qilish, deputat so‘rovini elektron tarzda yuborish va nazorat qilish imkoniyatini ta’minlash belgilangan. Shuningdek, qonunchilikka oid takliflarni kiritish va ko‘rib chiqish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish maqsadida vakillik organlariga saylovning aralash tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Albatta, bu jarayonlarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarning alohida o‘rni bor. Hech kimga sir emas, bugungi kunda siyosiy partiyalar jamoatchilik fikrini shakllantirish, fuqarolarning siyosiy hayotda faol ishtirokini ta’minlash va jamoatchilik nazoratini olib borishda faollik ko‘rsatishmoqda.
Davra suhbatida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlik guruhlari bilan birgalikda o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida deputatlar partiya hamda Kengashlar oldiga qo‘yilayotgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari