Davlat xizmatlari ko‘rsatish yaxshilanmoqda
Navro‘z bayrami arafasida Bekobod tumani adliya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, FXDYO bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Barcha zamonaviy qulaylikka ega mazkur inshoot bekobodliklarga munosib tuhfa bo‘ldi.
Uning ochilishida viloyat adliya boshqarmasi va tuman bo‘limi mas’ullari, tuman hokimligi vakillari, hudud faollari va faxriylar, soha xodimlari qatnashdi. Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga asosan joylarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatini ta’minlash, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, dastlab davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 33 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozir ular 330 tadan oshdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tartibda ko‘rsatiladigan xizmatlar esa 600 dan ziyod.
Bekobod tumanining 165 ming nafardan ortiq aholisi uchun Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirilishi esa endilikda FHDYO, pasport bo‘limlari, kadastr, haydovchilik guvohnomasini almashtirish kabi yo‘nalishlarda ancha qulaylik yaratdi.
– Mazkur bino ishga tushgach, bu yerga keluvchilar soni oshdi, – deydi Bekobod tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori Ubaydulla Mirzayev. – Har bir mijozga o‘rtacha 6 daqiqa ichida xizmat ko‘rsatilmoqda. Markazda bepul WiFi zonasi, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchagi, kutubxona, bolalar maydonchasi tashkil qilingan. Asosan elektron raqamli imzo olish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish hamda ko‘chmas mulk obyektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish kabi xizmatlarga talablar katta bo‘lmoqda.

Markazda tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun ularning davlat ro‘yxatidan o‘tishi bilan bir vaqtda, ta’sis hujjatlarini, muhr-shtamp eskizini tayyorlash, bankdan hisob raqami ochish ham yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya yagona reestrida ro‘yxatda turgan fuqarolarga davlat boji undirilmasdan xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Joriy yil boshidan buyon Bekobod tumanining olis hududlarida joylashgan Yoshlik-2, Qoraquyli, Savrak, Paxtakor, Achamayli, Nayman kabi mahallalarda 3280 dan ziyod sayyor xizmatlar joyida amalga oshirildi.
Ayniqsa, bu boradagi sa’y-harakatlar Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida ham har bir mahallada yil bo‘yi davom etadi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA muxbirlari