Davlat xizmatlari ko‘rsatish soddalashmoqda
bugungi kunda olib borilayotgan har bir islohot, qabul qilinayotgan har bir hujjat “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, ularga qulaylik va shart-sharoitlar yaratib berish uchun xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shunday hujjatlardan biridir.
Hozirda fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlar orqali 172 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 300 tani tashkil etmoqda. Mazkur farmon esa davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan.
– Har bir hujjat xalqqa oson bo‘lishi va hujjatbozlikni kamaytirish, davlat xizmatiga ishi tushganda odamlar osongina uni hal qilishi, byurokratik to‘siqlarsiz muammosiga yechim topishga erishishni ko‘zlab chiqarilmoqda, – deydi Navoiy viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Ravshanov. – Deylik, fuqaro uy sotadimi, mashina oladimi, biznes qiladimi, sayohatga chiqadimi, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozdan foydalanadimi, xullas, kundalik hayot tashvishlarini yugur-yugurlarsiz amalga oshirishi lozim. Bir yumushni boshlash uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar avvalgiday “zanjirsimon” bir-biriga ulangan muammolarga taqalib qolmasligi uchun ham davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish kabi vazifalar qonunlar bilan tartibga solinmoqda.
2022 yil 1 avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etildi.
Mobil-ID tizimi - fuqarolarga elektron raqamli imzodan foydalanmagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratadi. Faqat bundan moliyaviy xizmatlar mustasno. Masalan, hozirda 3 milliondan ortiq faol elektron imzo mavjud bo‘lib, ularning amal qilish muddati 2 yilni tashkil etadi. Mobil-ID tizimi esa mobil aloqa xizmatlaridan foydalanayotgan barcha aholi uchun alohida flesh-kartani olib yurmasdan xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Mazkur farmon bilan Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari ham belgilandi.
– Unga ko‘ra, “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda fuqaro e’tibor markazida” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimi modernizatsiya qilinadi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umidjon Hotamov. – Markazlar faoliyatida qo‘llanilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish, ish yuritishni “qog‘ozsiz” olib borish belgilandi, kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyoti kengaytiriladi. Xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, fuqarolar va xususiy sektorga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab tijorat banklari, telekommunikatsiya tashkilotlari, xususiy tibbiyot muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari, sug‘urta tashkilotlari singari nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Chunki, ayni kunda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan ma’lumotlarning katta qismi raqamlashtirilmaganligi “Elektron hukumat” tizimining barcha imkoniyatlaridan foydalanish darajasini cheklaydi.
Farmon bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.
– Eng muhimi, endi davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan to‘lovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha bo‘lgan tijorat bankining komission summasi uchun alohida to‘lov undirilmaydi, – deydi Umidjon Hotamov. – Davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni murojaatchilarning ixtiyoriy tanloviga asosan xalqaro to‘lov kartasi orqali xorijiy valyutalarda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Markazlarda davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qiladigan tijorat banklari shoxobchalarini ijara to‘lovlarini undirmagan holda besh yilgacha bo‘lgan muddatga joylashtirish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.
Mazkur farmonda FHDYO tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimini qayta ko‘rib chiqish va foydalanish uchun qulay shaklga keltirish belgilangan.
Farmonda belgilanganidek, elektron shaklda ko‘rsatiladigan xizmatlar 30 foizdan 70 foizga oshadi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari 172 tadan 300 taga ko‘paytirish, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 300 dan 450 taga, mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini esa 60 tadan 250 taga ko‘paytirish belgilandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA