Davlat xizmatlari koʻrsatish hajmi ortmoqda
Jizzax viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmatlari 2018-yilda 197 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 408 mingtaga yetdi.
Jizzax viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmatlari 2018-yilda 197 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 408 mingtaga yetdi.
Bu haqda 2019-yil yakunlari va 2020-yilda amalga oshiriladigan ishlarga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida DXA Jizzax viloyati boshqarmasi boshligʻi Bobur Umurzoqov maʼlumot berdi.
Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida Davlat xizmatlari agentligi tizimidagi markazlar viloyatning barcha hududlarini qamrab olgan.
2019-yilda 5 ta hududda – Mirzachoʻl, Doʻstlik, Forish. Yangiobod va Zarbdor tumanlarida zamonaviy binolarda jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Ularning barchasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bunyod etilyapti. Eʼtiborlisi markazlarda barcha qulayliklar yaratilgan. Kutubxona, kutish zali, elektron navbatdan oʻtish, qisqasi tezkor xizmat koʻrsatish uchun nimaiki zarur boʻlsa barchasi muhayyo.
Ayni paytda yana Jizzax shahri, Zomin, Zafarobod, Arnasoy, Baxmal, Gʻallaorol, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida ana shunday zamonaviy innovatsion yondashuvlarga asoslangan inshootlar qurilishi davom etayotir.
Davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida 2019-yil 1-iyuldan boshlab eksterritorial tamoyil amalga joriy etildi. Natijada fuqarolar yashash joyi va tashkilotning manzilidan qatʼi nazar oʻziga yaqin boʻlgan istalgan DXMga murojaat qilishi va zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.
Shu maqsadda oʻtgan yili markazlarimiz orqali abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 5 ta universitetga hujjatlar qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Xuddi shunday, koʻp foydalaniladigan ayrim xizmat turlari boʻyicha hujjatlar soni va xizmat koʻrsatish muddatlari ham qisqartirilmoqda. Keyingi ikki yilda eng koʻp murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar boʻyicha hujjatlar soni 112 tadan 56 taga kamaytirildi. Xizmat koʻrsatish muddati esa 280 kundan, 126 kunga tushirildi.
Matbuot anjumanida “yagona darcha” tamoyili toʻliq ishlashi uchun barcha davlat xizmatlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishi va maʼlumotlar raqamlashtirilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ham maʼlumot berildi.
Hozirgi kunda davlat xizmati koʻrsatuvchi 80 ta idoradan atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan oʻzaro integratsiya qilingan. 53 idorada maʼlumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sogʻliqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bogʻliq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron maʼlumot bazasi shakllanmagan.
Shunday maʼlumot almashinuvi yoʻqligi sababli 2019-yilda qurilish, tabiiy gaz, issiq suv va ichimlik suvi taʼminoti borasida xizmat koʻrsatish muddatlari buzilgan.
2019-yilda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 6 ming 428 ta qonun buzilishi holati aniqlandi. Jumladan, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va uning tuman filiallari tomonidan eng koʻp – 4 ming 175 ta, keyingi oʻrinlarda yer resurslari va davlat kadastri idoralari 1 ming 29 ta, “Oʻztransgaz”AK hududiy tashkilotida 422 ta qonun buzilish holati sodir etildi.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar, qurilish va arxitektura idoralari, ijtimoiy taʼminot idoralari, davlat sanitariya epidemologiya nazorati markazida ham davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun buzilish hollariga yoʻl qoʻyildi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasi aniqlangan kamchiliklar boʻyicha vakolatli organlarga 24 ta taqdimnoma kiritildi, 17 nafar masʼul shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik qoʻllanildi. Aybdorlarga nisbatan 146 ta maʼmuriy bayonnomalar tuzilib, jarimaga tortildi.
Aholiga qulaylik yaratish uchun davlat xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirish davom etayotir. Tumanlar markazidan 50-180 km uzoqlikdagi hududlarda oʻtgan yili 3 ta DXM filiallari tashkil etildi. Ushbu tajriba oʻzining ijobiy natijasini bergani inobatga olinib, viloyatning yana 7 ta tumanida filiallar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Anjumanda jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berildi.