Davlat xizmatlari Hazrati Bashirda
Ilgari birgina tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish uchun bir nechta idoraga borishga toʻgʻri kelardi.
Ilgari birgina tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish uchun bir nechta idoraga borishga toʻgʻri kelardi. Davlat xizmatlari markazlari va elektron xizmatlarning joriy qilinishi ayni paytda aholining bu kabi ortiqcha vaqt yoʻqotishining oldini olmoqda.
Qisqa vaqtda “yagona darcha” tamoyili doirasida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari soni 100 dan oshib ketdi. Xizmatdan foydalanish uchun murojaat qilayotgan fuqarolar esa 50 barobarga koʻpaydi.
Bunda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari koʻrsatkichi qoʻshimcha davlat xizmatlari joriy etilishi munosabati bilan yana ikki barobar ortishi kutilmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyatida davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning 6 oyida 538 ming 126 ta davlat xizmati koʻrsatildi. Hozirda markazlarga xizmat olish uchun bir kunda oʻrtacha 600 - 800 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Bundan tashqari, tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jami 16 ming 570 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan xushmanzara togʻ bagʻridagi Hazrati Bashir qishlogʻi viloyatning eng chekka hududlaridan. U yerda Hazrati Bashir ziyoratgohi joylashgan. Qadamjo qishloqning oʻrtasida – Niyoztepa nomi bilan atalgan tepalikda qad rostlagan. Niyoztepadan qaynab chiqayotgan buloq dunyoning turli chekkalaridan tashrif buyuradigan minglab ziyoratchilarga kuch bagʻishlab, bu yerdagi ulkan chinorlar, yongʻoq, bodom daraxtlari kishining bahri-dilini ochadi.
Mazkur qishloq Kitob tumani markazidan 30,5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Aholining turli xildagi davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun tuman markaziga borishiga toʻgʻri keladi. Albatta, bu aholi uchun qator noqulaylik, ortiqcha mablagʻ va vaqt sarflashni talab etadi. Shu bois, Kitob tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan ushbu qishloqda muntazam ravishda “Mobil xizmat” shaklida xizmat koʻrsatilib kelinmoqda. Bu safargi qabulda esa davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi rahbariyati va mutasaddi tashkilotlari vakillari ishtirokida tashkil etilib, aholini qiynab kelayotgan sohaga aloqador koʻplab muammolarga yechim topildi.
Jumladan, 21 nafar fuqaroga uy-joy egaligi toʻgʻrisidagi qaror, 6 nafariga esa uy-joy kadastri hujjati hamda 1 nafariga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi. Bundan tashqari, kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 6 nafar farzandiga maktab oʻquv qurollari sovgʻa qilindi.
– Qishlogʻimiz togʻli hududda joylashgani bois tuman markaziga borib kelishga qiynalamiz, – deydi qishloq faxriylaridan biri Naim Esonov. – Baʼzan bir enlik qogʻoz uchun ham shaharga tushib chiqish kerak. Mana bugun mutasaddilar qishlogʻimizga kelib, bizni dardimizni tingladi. Ayniqsa, yerga egalik qilish huquqini beruvchi hujjat borasida qiynalayotgan edik. Bugun maqsadimizga erishdik. Uy-joyimizga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatni qoʻlga kiritdik. Bundan juda quvondik.
