Davlat xizmatida qancha vakant lavozim bor?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz platformasida davlat idoralaridagi vakant lavozimlar uchun tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, o‘tgan davrda 2 million 293 ming 609 nafar nomzod vakant lavozimlar ochiq tanlovlarida qatnashdi.
Platformaga ulangan tashkilotlar soni esa 14 ming 560 tani tashkil etmoqda. Ayni vaqtda platformada 345 dan ortiq vakant lavozim mavjud.
Portalda 397 ming 289 nafar fuqaro o‘z shaxsiy ma’lumoti (rezyumesi)ni shakllantirgan. 57 ming 399 nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan.
Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, endilikda davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portalida sinov tariqasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning vakant lavozimlari uchun tanlovlar ham e’lon qilib boriladi.
Dastlabki bosqichda "O'ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati tizimidagi vakansiyalar uchun ochiq tanlovlar o‘tkaziladi. Nomzodlar vacancy.argos.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tib, ariza qoldirishi mumkin. Tanlovning barcha bosqichlari aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA