Davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan monitoring va kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rilmoqda.
Eng yaxshi takliflarni tanlash va tanlov savdolarini o‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar Toshkent shahri, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida aniqlangan.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan qonun talablari buzilishi alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, buning natijasi yuzasidan boshqarmalarga belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, ayrim holatlarda moliyaviy jarima qo‘llash hamda huquqiy baho berish uchun tegishli organlarga yuborish bilan birga, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda raqobat uchun teng imkoniyatlarni yaratish Raqobat qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Aniqlangan qonunbuzilishlarning oldi olinishi davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga tadbirkorlar uchun ochiq va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA