Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari kuchaytiriladi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda va bu borada doimiy ravishda tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu islohotlar iqtisodiy jihatdan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash va investitsion muhitni yaxshilashga, ijtimoiy jihatdan teng imkoniyatlar va adolatni ta’minlashga, siyosiy jihatdan davlat boshqaruviga xalq ishonchini mustahkamlash va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishi va unda bildirilgan takliflar va belgilangan vazifalar bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.
Mamlakatimizda o‘tgan 8 yil davomida bu borada bir qator keng qamrovli tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar tuzildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va mustaqil Agentlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” maxsus qonun hamda davlat xaridlarini amalga oshirishni tartibga solishga qaratilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda doimiy jarayon ekanini ta’kidlab, bu boradagi dolzarb masalalar va kelgusidagi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Bugungi kunda manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlari sohasida kuzatilayotgani va shu bois, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va ushbu sohada shaffof tizim yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Endilikda, shu maqsadda Ekspert komissiyasini tuzish, ushbu komissiya ilg‘or xorijiy tajribalar asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platformani tashkil etishi, bunda davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmaslik sharti ta’kidlandi. Ushbu talabni buzganlik uchun qonunchilik bilan tegishli javobgarlik va jarimalar joriy qilinishi ham bildirildi.
Qayd etish joizki, davlat xaridlari sohasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan va doimiy ravishda mavjud mexanizmni zamonaviy qoidalar va texnologiyalar asosida takomillashtirib borishni talab etadigan murakkab jarayon bo‘lib, ushbu jarayonda korrupsiyaning oldini olish, inson omilini (aralashuvini) qisqartirish va pirovard natijada davlat xaridlari uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash asosiy masala hisoblanadi.
Statistik ma’lumotlar ham aynan ushbu masalaning dolzarbligidan dalolat beradi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda respublika bo‘yicha jami 248,6 trln. so‘mlik davlat xaridlari amalga oshirilgan bo‘lib, bu yalpi ichki mahsulotning 17 foizini tashkil etgan. Bu, albatta, davlat byudjetidan ajratilgan katta miqdordagi mablag‘ bo‘lib, ushbu mablag‘lardan samarali foydalanishni tashkil etish va nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida davlat xaridlari sohasida tuzilgan 263,9 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 234 ta shartnomalar haqiqiy emas deb topilgan. Tekshiruvlar natijasi bo‘yicha 189 nafar shaxs tegishli javobgarlikka tortilgan (104 nafari ma’muriy va 85 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan).
O‘z navbatida, davlat rahbari tomonidan davlat xaridlari sohasini korrupsiyadan xoli bo‘lgan shaffof jarayonga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar (Ekspert komissiyasi tuzilishi, narxlar ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratilishi) ushbu sohadagi qoidabuzarliklarni kamaytirishga, davlat xaridlari uchun ajratiladigan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, Fransiya davlat xaridlari tizimida ham doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maxsus komissiyalar mavjud bo‘lib, ularning vazifasi davlat xaridlari sohasida tuzilgan shartnomalarni ixtiyoriy ravishda tanlab olib, to‘g‘riligini tekshiradi, nazorat qiladi va ko‘rsatmalar beradi.
Shuningdek, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya Xitoy va Yaponiya kabi mamlakatlarda davlat xaridlari sohasida shaffoflikka asoslangan qonuniylik prinsipi huquqiy tartibga solishga doir eng asosiy yondashuv sifatida belgilangan. Xususan, AQSH davlat xaridlari sohasida uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, sohani tartibga solish bo‘yicha qabul qilingan qonunda (Federal Acquisition Regulations) davlat xaridlarini rejalashtirishdan tortib tuzilgan shartnomalarni boshqarishgacha bo‘lgan masalalarni tartibga solishda shaffoflik yuqori darajada ta’minlangan.
Germaniya, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda davlat xaridlari sohasida elektron tizimdan foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar uchun keng imkoniyatlar va erkin raqobat muhiti yaratilgan. Yuqoridagi xorijiy tajribalardan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham ushbu sohani yanada rivojlantirish xususan, davlat xaridlari sohasida elektron tizimdan foydalanishni takomillashtirish, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlar yaratish va sohada ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha mazkur davlatlar amaliyotidan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu bilan birga, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat xaridlari sohasini takomillashtirish bo‘yicha Prezident tomonidan boshqa qator tashabbuslar ham ilgari surildi.
Xususan, bugungi kunda davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olsa bo‘ladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari mavjud bo‘lib, ularni 2 karra qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumotiga ko‘ra, davlat xaridlari sohasida sodir etilayotgan qonunbuzilish holatlari asosan mahsulotlarni sun’iy ravishda qimmat narxlarda sotib olish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish jarayoniga sub’ektiv faktorlarning aralashuviga yo‘l qo‘yish, manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holda davlat xaridlarini amalga oshirish, raqobat usullarini chetlab o‘tish maqsadida xaridlarni qismlarga bo‘lib amalga oshirish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘layotganligi va ushbu holatlarning ko‘pchiligi korrupsiyaviy xatti-harakatlar bilan bog‘liqligi ta’kidlangan.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan yuqoridagi mexanizmlarning joriy etilishi, sohada sodir etilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarlik holatlarini o‘z vaqtida aniqlab, oldini olish imkoniyatini yaratishga, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarda yo‘l qo‘yilayotgan insonlar aralashuvi omilini qisqartirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat xaridlari sohasida amalga oshirilishi belgilangan yana bir yangilik shundan iborat bo‘ldiki, endilikda davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport vositalarini xarid qilishga hamda mahalliy mebellarni sotib olishga ustuvorlik berilishi ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, davlat xaridlari sohasiga mazkur o‘zgarishning tatbiq etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘lib, ular uchun o‘z mahsulotlarini mamlakat ichida, aynan, davlat xaridlari elektron portalida keng realizatsiya qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, mazkur mexanizm davlat tomonidan milliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish tamoyiliga ham mos keladi.
Davlat xaridlari tizimida muhim masalalardan biri ochiqlikni ta’minlash hisoblanib, bunda vakolatli davlat organlari tomonidan sohaga oid ma’lumotlarning o‘z vaqtida ommaga yetkazilishi, sodir etilayotgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha OAVda keng yoritilishi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har qanday qonunbuzilish holatlariga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rilishi muhim ahamiyatga egadir.
O‘z navbatida, davlat xaridlari sohasida ochiqlikni ta’minlash va qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanayotgan choralarning doimiy ravishda e’lon qilib borilishi davlat xaridlari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mansabdor shaxslarni hushyorlikka chaqirib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga yordamlashadi.
Davlat rahbari tomonidan mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish davlat xaridlari sohasidagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga doir ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Qayd etish joizki, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda va davlat xaridlari sohasini yanada rivojlantirishda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi shaxslarning bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish, davlat byudjeti mablag‘lari sarflanishining shaffofligini ta’minlash hamda davlat xaridlari tizimida yirik loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik muhokamasini tashkil etish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar hisoblanadi.
O‘z navbatida, ushbu masalalarga yetarlicha e’tibor qaratish davlat xaridlari sohasini yanada takomillashtirishga hamda O‘zbekistonning xalqaro maydonda mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi o‘rni va rolini oshirishga xizmat qiladi.
Qahhor Jumayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi.