DAVLAT VA XALQ ORASIDAGI BO‘SHLIQ
Har bir fuqaro davlat xizmatlaridan ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, to‘siqlarsiz foydalanishga haqli. Agar bu jarayonda davlat idoralari mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yar ekan, davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetadi. Ya’ni, jamiyatda davlat idoralari va xizmatchilariga bo‘lgan ishonchsizlik kayfiyati vujudga keladi.
Shuning barobarida har bir murojaatga o‘tkir nigoh bilan qarash, uning ortida turgan taqdirlarni chuqur his qilgan holda o‘z vaqtida hal qilish choralarini ko‘rish mas’uliyati ilgari surilmoqda. Ammo hali hanuz bu tamoyil mazmun-mohiyati, balki mas’uliyat nimaligini bilmaydigan mas’ullar afsuski mavjud. Bu esa bugungi islohotlarning ildiziga bolta urmoqda.
Buni birgina davlat xizmatlari misolida olib qaraylik. Masalan joriy yilning o‘tgan 9 oyida Samarqand viloyatidagi davlat xizmatlari markazlariga 813 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan 220 ming 540 ta ko‘p xizmatlar ko‘rsatildi. Davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortayotganini hisobga olsak, mazkur amaliyotga bevosita aloqador bo‘lgan vakolatli organlar, ya’ni boshqa davlat idoralari murojaatlar bilan ishlashda yangicha yondashuvga o‘tishlari kerakligi oydinlashadi.
Nega? degan savol tug‘ilishi tabiiy. Javob berish maqsadida tahlillarga e’tibor qaratamiz. 2022 yilning 9 oyi davomida vakolatli idoralar tomonidan 8005 ta qonun buzilishi holatlari sodir etilgan. Shundan, 7 083 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan bo‘lsa, 821 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilib, 95 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan, 6 tasida boshqa qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Endi tasavvur qiling, bir emas, yuz emas naqd 8 mingdan ortiq fuqaro xizmatlarni olishda huquqlari buzilgan. Yechimini kutib turgan shuncha masala taqdirini endi tasavvur qilib ko‘ring.
Xo‘sh, mas’uliyatsizlikka yo‘l ochib berayotgan davlat idoralari qaysilar? Ular Kadastr idoralari, gaz, suv va elektr ta’minoti korxonalari, qurilish idoralari, tuman (shahar) hokimliklari, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda Davlat soliq inspeksiyalaridir. Tegishli tartibda ogohlantirishlarga qaramay, tegishli xulosa chiqarmay, qonun buzilishi holatlarini sodir qilgan vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 45 ta taqdimnoma, 795 ta ogohnoma, 44 ta profilaktik suhbatlar kiritildi. Shuningdek, 116 nafar aybdor sanalgan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organlarning 46 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, shulardan 6 tasi bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Ushbu davr mobaynida Samarqand viloyat Qurilish bosh boshqarmasi, Samarqand viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi Davlat unitar korxonasi Samarqand viloyat filiali va boshqa bir qator tashkilotlarda Prezident Farmon va Qarorlari va boshqa ma’muriy tartib taomillar talablarining ijro etilishi, shuningdek, Nizom va ma’muriy reglamentlarda Davlat xizmatlarini ko‘rsatilishida belgilangan tartib va talablar ijrosi o‘rganilib, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Xususan, Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi Davlat unitar korxonasi Samarqand viloyat filialida 2021 yil va 2022 yilning olti oyi davomida huquqni qo‘llash amaliyoti, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligi, ma’muriy tartib taomillarga rioya etilishi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati, norma ijodkorligi faoliyati, yuridik xizmat faoliyati va huquqiy targ‘ibotni amalga oshirilishi o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar jarayonida, «Tamirloyiha» MCHJ tomonidan bino, inshoot va boshqa ob’ektlar qurilishida kelishiladigan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha 2022 yil 9 sentyabrda berilgan ariza yuzasidan shartnoma tuzish bo‘yicha buyurtmachiga shartnoma yuborilmagan. Shu kabi holat «Gidravlika Universal» MCHJning 2022 yil 9 sentyabrdagi arizasini ijro etishda ham takrorlangan. Bundan tashqari, «Samarqand Yo‘l Loyihalash» MCHJning ushbu sanadagi so‘rovnomasi 2 kun, «Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUKning 2021 yil 20 dekabrdagi arizasi ijrosi 16 kun kechiktirilib bajarilgan. Afsuski, bunday holatlarni boshqa murojaatlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Vaholanki, Shaharsozlik hujjatlarini «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali ekspert tashkilotlariga yuborish hamda ko‘rib chiqish tartibiga muvofiq ekspert tashkiloti shartnomalar bo‘limi bir kun muddatda shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish uchun shartnomani tayyorlash va buyurtmachiga yuborishi belgilangan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlar tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.
Biz yuqorida davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlar haqida to‘xtalgan edik. Aytmoqchimanki, agar biz aholi murojaatlari bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, jamiyatni orqaga tortuvchi omillar o‘z o‘zidan tug‘ilaveradi. Bu esa davlat va xalq o‘rtasidagi bo‘shliqning chuqurlashib borishiga zamin yaratadi.
Akbar BOBOBEKOV,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi