Davlat va jamoat arbobi nega krematoriyda kuydirilgan edi?
31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
RKP(b) Markaziy Komitetining sekretari Iosif Stalin nomidan Turkiston Kompartiyasi Markaziy komitetining mafkura bo‘yicha sekretari Usmonxon Eshonxo‘jayevga, Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sekretari O.Ya.Karklinga, RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi raisi I.M.Vareykisga 1924 yil 26 – 27 mart kunlari yuborilgan ikkita xatda ayrim «so‘llar»ning Inomjon Xidiraliyev va Abdulla Rahimboyevdek milliy rahbarlarni asossiz ravishda lavozimidan olish uchun qilayotgan harakat va xurujlariga chek qo‘yishni, Turkistonda sog‘lom muhit yaratish zarurligini, “O‘rtoq Xidiraliyevdek xodimlarga nisbatan befarq qarash jinoyat hisoblanishini” ta’kidlagan edi.
Moskva. 1928 yil, 31 dekabr. Kremlning ro‘parasidagi «Natsional» mehmonxonasida fojia ro‘y berdi. Taniqli davlat va jamoat arbobi Inomjon Xidiraliyev fojiali halok bo‘ldi. Bu mudhish voqea munosabati bilan “Pravda” gazetasi 1929 yil 3 yanvardagi sonida nekrolog bosildi.
Dafn etish marosimi komissiyasi nomidan “Pravda” gazetasining o‘sha davrdagi sonlarida ikkita e’lon chop etilgan.
Bundan ko‘rinadiki, Inomjon Xidiraliyevning dafn marosimi shoshilinch o‘tkazildi va uning jasadi krematoriyda kuydirildi. Dafn marosimi haqida hozircha bizda aniq yozma manba yo‘q. Biz bir necha bor Moskva krematoriyasida bo‘lib, krematoriya arxivi ro‘yxatida Inomjon Xidiraliyevga oid qaydlar bor-yo‘qligini surishtirdik. Biroq bu borada ijobiy javob olganimiz yo‘q.
1929 yil fevralda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi IV s’ezdida RKP(b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosi raisi Isaak Zelenskiyning «O‘rta Osiyodagi o‘ng og‘machilik» nomli ma’ruzasi mazmunidan I.Xidiraliyev fojiasi sirlari biroz oydinlashgandek bo‘ladi. Ma’ruzada I.Xidiraliyev 1928 yil dekabrda I. Stalin nomiga xat qoldirib, o‘zini otgani aytilib, shu asosda O‘zbekistonda o‘ng og‘machilik mavjudligi, o‘zi esa o‘sha harakatning a’zosi ekanini isbotlashga urinilgani haqidagi fikrlar har qanday kishida shubha uyg‘otdi.
I. Zelenskiyning o‘sha nutqi O‘zbekiston Kompartiyasi IV s’ezdi stenogrammasida saqlanmoqda. Bundan tashqari, ana shu nutq 1929 yili nashr etilgan “Protiv pravoy oppozitsii” (O‘ng og‘machilikka qarshi) materiallar to‘plamidan ham joy olgan.
O‘rganishlar shuni krsatadiki, s’ezdda I.Zelenskiy I.Xidiraliyev xatining to‘la matnini o‘qib berishga jur’at eta olmaydi, faqat kichik, o‘ziga ma’qul parchalar keltirib uning «o‘ng og‘machiligi»ni har jihatdan isbotlashga harakat qilgani, taajjublidir.
I.Zelenskiy O‘zbekistonda “o‘ng og‘machilik”ning yuzaga kelishini ikki holat bilan asoslamoqchi bo‘lgan. Birinchi holat milliy masaladagi ishchilar sinfi diktaturasi ahamiyatini tushunmaslik, ya’ni O‘zbekistonning iqtisodiy yuksalishi milliy chegaralanish natijasi bo‘ldi, degan fikrni noto‘g‘ri bilib, Zelenskiy O‘zbekistonning yuksalishi, shuningdek, O‘zbekiston Sovet Respublikasining tuzilishi proletariat diktaturasi, Oktyabr inqilobi natijasi bo‘ldi. deb isbotlashga harakat qilgan.
Ikkinchi holatni asoslamoqchi bo‘lib I.Zelenskiy I.Xidiraliyev xati ustidan adolatsiz fikr yuritgan. Ehtimol, Xidiraliyev hech qanday xat yozmagan bo‘lishi ham mumkin.
Uni aynan keltirish masalaning tub mohiyatini biroz oydinlashtirish imkonini beradi. I.A.Zelenskiy shunday deydi:
«...Biroq xatda bildirilgan ba’zi siyosiy fikrlar diqqatga sazovor. Shuning uchun ham diqqatga sazovorki, Xidiraliyev katta rol o‘ynagan va bugungi kunda ham katta rol o‘ynayotgan xodimlar qatoriga kiradi. I.Xidiraliyev yer islohotini o‘tkazishga qarshilik ko‘rsatuvchilarga asoslanib, shafqatsiz kurash olib borgan xodimlar qatoriga kiradi. I.Xidiraliyev shunday odamlar toifasiga kiradiki, partiyamizda hali bundaylar bor va ularning ba’zilari o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishiga ishonchi yo‘q hisobida. Xidiraliyev oxirgi vaqtgacha o‘z dunyoqarashlari bilan ochiq chiqmagan edi. Buning ustiga, u po‘stagi qoqilgach, yuzaki ravishda kambag‘allarni birlashtirish zarurligi pozitsiyasiga o‘tib olgandi. U bizning siyosatimiz to‘g‘riligini nomigagina tan olardi. U uzoq vaqt jim yurdi va faqat o‘limi oldidan qalbida asrab yurgan so‘zlarni aytishga qapop qildi. Bu qalb so‘zlari Xidiraliyev bilan bir paytda partiyaga kirgan xodimlarning va partiyamizdan tashqarida yoki sovet apparatlarida yo bizning sovet hududimizda ishlayotgan ko‘p miqdordagi xodimlarning fikridir.
Men uning xatidan ba’zi joylarini o‘qib beraman. Ularda, mening fikrimcha, shunday masalalar ifodalanganki, bu haqda bizning ba’zi xodimlarimiz pinhona o‘ylaydilar-u, ammo ochiq aytishga cho‘chiydilar: «Mamlakat stixiyali ravishda ruslar bilan to‘lib-toshib ketmoqda, Moskva oldida esa bu yashirilyapti va Farg‘onaning aholisi keragidan oshib ketayotganligi haqida gapiryaptilar va hokazolar».
Xidiraliyev shunday deb yozgan. Biroq Sovet hukumatining dushmani – Mustafo Cho‘qayev ham shunday deb yozyapti. Bu haqda ba’zi millatchi unsurlar, shuningdek, bizning ziyolilarimiz, partiyasizlarimizga mansub bo‘lganlar ham gapiryapti, hatto ba’zi partiya a’zolari ham shunday o‘ylaydilar.
Xidiraliyev shunday yozadi: «O‘rtahol dehqon qat’iy norozi: bundan tashqari, «toshkentliklar»ning (ikkala rangdagi) bu mahalliy siyosati dehqon xo‘jaligining yemirilishiga olib boradi; Moskva oldida bularning hammasi boshqacha talqin etilyapti».
Endi uning o‘rtahollar haqida qayg‘urishi oldida nimalar yotganligiga bir nazar tashlaylik. Qaraylik-chi, bu yerda yer islohoti oldidan bizning baholarimizning uchqunlari yo‘qmikan?
Siz bilasiz, bizning siyosatimiz boylarning ekspluatatsiya qilish imkoniyatlari chegaralanishiga olib keladi. Bizning siyosatimiz bizda yirik ekspluatatorlik xo‘jaligi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bizning figura, tayanchimiz kambag‘allar bo‘lishiga olib keladi va biz mushtumzo‘rlarning tarqalishiga va boshqaruv mansablarini egallab olishlariga yo‘l qo‘ymaymiz.
So‘ngra Xidiraliyev yozadi: «Xotin-qizlarni ozod etishdagi bilmasliklar sovet hukumati yillab to‘plagan obro‘yini yo‘qqa chiqaryapti, shuni yodda tutingki, urush bo‘lgan chog‘da dehqon bizni qo‘llab-quvvatlamaydi».
Masala juda ham aniq qo‘yilgan.
Faqat uning mohiyati xotin-qizlarning ozodligida emas. Mohiyat xotin-qizlar ozodligiga baho berishda emas. Uning mohiyati urush bo‘lgan chog‘da dehqon bizni qo‘llab-quvvatlashi yoki qo‘llab-quvvatlamasligidadir. Agar bizning kotiblarimiz sinfiy munosabatlarni ko‘rib chiqayotganlarida va sinfiy siyosatimizga baho berayotganlarida aynan shunday: o‘tkir tig‘iz holatda, imtihonlarning imtihoni bo‘layotgan holatda dehqonlar bizning ortimizdan boradilarmi nuqtai nazaridan qarashlar yomon bo‘lmasdi, deb o‘ylayman.
Shuning uchun ham dehqonlar bizni qo‘llab-quvvatlamaydi, deganlar mushtumzo‘rlar g‘oyasini ifodalaydi. O‘rtoqlar, mening bu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tganligimning sababi, o‘ng og‘machilarning yashovchanligi, ularga qarshi zararli kirdikorlarga qarshi kurashimizda qo‘l-oyoqlarimizni bog‘lab qo‘yishi hamda ular partiyamiz va butun sovet diktaturasi uchun katta zarar ekanligini ko‘rsatmoqchi edim».
I.Zelenskiyning Xidiraliyev haqidagi fikrlarini respublikaning birinchi rahbari Akmal Ikromov, hukumat boshlig‘i Fayzulla Xo‘jayev ham qo‘llab chiqqan. Akmal Ikromov o‘sha qurultoydagi hisobot ma’ruzasining (1929 yil 22 fevral) «Og‘machilar bilan kurashish» bo‘limida I.Xidiraliyev xatiga siyosiy, partiyaviy baho berishga uringan.
Axir O‘zbekiston ruslar bilan to‘lib-toshib ketyapti deb vaysashning o‘zi millatchilik mafkurasi emasmi, deya ta’kidlab, I.Xidiraliyev «18 lar» arizasiga qo‘l qo‘ygani, yer-suv islohoti, xotin-qizlarni ozod qilish, xususiy mulk egasini siqib chiqarish kabi sohalar bo‘yicha partiyaning sinfiy siyosatidan bo‘lganlarning biridir, axir bundaylar partiyamizda hozirda ham yo‘q emas-ku degan.
O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘jayev ham yuqoridan berilgan rasmiy ko‘rsatma asosida ish ko‘rib, I.Xidiraliyevga bo‘lgan chuqur hurmatiga qaramay, I.Zelenskiy fikrini qo‘llab o‘sha qurultoydagi nutqida quyidagi fikrlarni izhor etgan: «Bu yerda o‘rtoq Zelenskiy Xidiraliyevning o‘limidan keyin yozib qoldirgan xatini o‘qib berdi.
Shu xatda partiyaning dehqonlarga nisbatan o‘tkazayotgan siyosati noto‘g‘ri siyosatdir, bizning siyosatimiz natijasida o‘rtahol dehqonlar partiyamiz bilan birga bormaydi va qiyinchiliklar bo‘lib qolgan taqdirda bu dehqonlar bizning tomonimizga o‘tmaydi deyilibdi I.Xidiraliyevning bu da’vosi, menimcha, qattiq kasallikning asorati yoki partiya siyosatiga qilinayotgan tuhmatning natijasi bo‘lsa kerak. Bu da’vo, aslini olganda, dushmanlarimizga qo‘l keladi va partiyamiz siyosatiga hech bir aloqasi yo‘q...
Taajjubki, I.AZelenskiy sharhlagan I.Xidiraliyevning o‘limi oldidan yozgan bu xatni mana qirq yildan beri izlab topishning iloji bo‘lmayotir. Moskvadagi maxfiy davlat, partiya, xavfsizlik xizmati arxivlaridan, O‘zbekistondagi tegishli arxivlardan bu xat haligacha topilgani yo‘q. Maxfiy saqlanayotgan Stalin nomiga yozilgan xatlar orasida ham I.Xidiraliyevning xati chiqmadi. Bizningcha, I.Xidiraliyev «Natsional» mehmonxonasida Stalinga xat yozib o‘zini otgani haqidagi I.Zelenskiyning fikrlari o‘sha vaqtdagi davlat xavfsizligi xizmatining «ijodi» bo‘lsa kerak.
I. Xidiraliyevning jasadi tezkorlik bilan krematoriyga olib borib kuydirilishida ham bir sir bo‘lsa kerak. deb o‘ylaymiz. Qotillik izini yo‘qotish uchun murdani kuydirish qulay bo‘lganga o‘xshaydi. Yana shuni aytish joizki, 1970-1980 yillarda biz Moskvadagi bir qancha qabristonlar, jumladan, krematoriy arxivida bo‘lib, I.Xidiraliyevning jasadi kuydirilgani yoki qaysi qabristonga qo‘yilganini surishtirganmiz. Krematoriy arxivida I.Xidiraliyevning krematsiya qilinganligi haqida qayd mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu ham Xidiraliyev o‘limi oldidan Stalinga xat yozib o‘zini o‘zi otganligi haqidagi Zelenskiyning fikrlari asossizligini tasdiqlaydi.
Fojiali o‘limidan keyin I.Xidiraliyevning safdoshlari, do‘stlari xayriya yo‘li bilan uning oilasiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib turdilar. Bu o‘rinda u bilan birga ko‘p xizmat qilgan Konovalov, Truxan, Nemsovichning xizmatlarini alohida ta’kidlash zarur. 1930 yil 28 mayda ular O‘zSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi F.Xo‘jayevga maxsus ma’ruzanoma yozib, unda marhum I.Xidiraliyevoilasini nafaqa bilan ta’minlash, birato‘la 500 so‘m miqdorida yordam ko‘rsatishni iltimos qiladilar. I.Xidiraliyev tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim nuqson va xatolar uning ulkan inqilobiy, bunyodkorlik faoliyati oldida hech narsa emasligini ta’kidlab, uning oilasiga, yosh qolgan qizi Maxfiratga, Samarqand davlat universitetida o‘qiyotgan o‘g‘li Akromning o‘ta qiynalayotganliklari uchun moddiy jihatdan yordam berish zarurligini qayd etganlar.
Iltimosnoma xat F.Xo‘jayev qo‘liga 18 iyul kuni kelib tushgan. F.Xo‘jayev o‘sha kuniyoq arizaga quyidagi tarzda viza qo‘ygan: «O‘rtoq Mavlonbekov! Juda ham tez fursatda ko‘rib chiqish va iltimosning qondirilishini so‘rayman».
Ertasigayoq O‘zSSR Sotsial ta’minot xalq komissarligi huzuridagi Respublika oldida alohida xizmatlarga ega bo‘lgan shaxslarga shaxsiy nafaqa tayinlash markaziy komissiyasi xatni ko‘rib chiqadi. «O‘rtoq Xidiraliyev o‘limidan keyin qolgan oila a’zolariga shu yilning 15 iyulidan boshlab 100 so‘m hajmida birinchi kategoriyali shaxsiy nafaqa belgilansin» degan qaror qabul qilinadi. Biroq O‘zSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi 1930 yil 1 avgustda mazkur masala ko‘rib chiqiladi, bir fikrga kelinmaydi, masala ochiq qoladi.
Bundan xabar topgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy nazorat komissiyasi Prezidiumining a’zosi, O‘zSSR Ishchi-dehqonlar inspeksiyasi xalq komissarligi kollegiyasining a’zosi Konovalov 1931 yil 23 sentyabrda yana F.Xo‘jayev nomiga arznoma yozib, I.Xidiraliyev oilasini nafaqa bilan ta’minlash ijobiy hal etilmayotganini xabar qiladi.
Natijada 1931 yil 1 noyabridan boshlab I.Xidiraliyev oilasi shaxsiy pensiya bilan ta’minlanadi.
Marhumning o‘g‘li Akrom, qizi Maxfirat voyaga yetgach, 1937 yil oktyabridan pensiya to‘xtatildi, turmush o‘rtog‘i esa umrining oxirigacha pensiya olib keldi.
1937 ‒ 1938 yillardagi «Katta qirg‘in» davrida Xidiraliyev nomiga «vatan xoini», «burjua millatchisi», «aksilinqilobchi» kabi yorliqlar yopishtirildi, uning shaxsiyati qoralandi. Ming afsuslar bo‘lsinki, qattol zamon zayli bilan nohaqliklar, bo‘htonlar chuqur ildiz otdi. Shu bois, Inomjon Xidiraliyev taqdiri bilan bog‘liq juda ko‘p arxiv hujjatlari bizgacha yetib kelmadi. Mudhish 1937 ‒ 1938 yillarda uning uyida tintuv o‘tkaziladi.
O‘shanda uning Andijon, Toshkentda rasmiy idoralardagi, Moskva, Londondagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan noyob hujjatlar, esdaliklar, fotosuratlar Andijon okrugi ichki ishlar bo‘limiga topshiriladi. Chunki bu davrda Xidiraliyevni ingliz josusi, «xalq dushmani» deb qoralashgacha borilgan edi. Tarixiy hujjatlardja qayd etilishicha o‘sha vaqtlarda Andijon NKVDsida yong‘in chiqqan. O‘shanda nafaqat Xidiraliyev, balki u kabi terrorga uchragan ko‘plab yurtdoshlarimizga oid noyob hujjatlar yonib kulga aylangan. Ming afsuski, yong‘in kelib chiqishi tafsilotlari haqida hech qanday ma’lumotlar saqlanmagan.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori,
ADU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.
O‘zA