Davlat ramzlariga ehtirom — Vatanga muhabbat ifodasi
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, davlat ramzlariga hurmat va ehtiromni yuksaltirishga qaratilgan “Davlat ramzlari – faxrimiz” shiori ostida rasmlar chizish tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati “Kelajak” markazida viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda iqtidorli o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishib, davlat ramzlari, Vatan, tinchlik va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ijodiy ishlarini taqdim etishdi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlod qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, davlat ramzlarining tarixiy va ma’naviy ahamiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, tasviriy san’atga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.


Ishtirokchilar tomonidan chizilgan rasmlarda O‘zbekiston Davlat gerbi, ona Vatan tabiati, tinch va farovon hayot, milliy qadriyatlar hamda yurt taraqqiyoti g‘oyalari badiiy talqin etildi. Hakamlar hay’ati har bir ijodiy ishni g‘oyaviy mazmuni, badiiy yechimi, ijro mahorati va muallifning mustaqil yondashuvi asosida baholadi.
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari, rassom Anorboy Boybekov yoshlarning ijodiy izlanishlariga yuqori baho berdi.

— Eng muhimi, bugungi tanlovda ishtirok etgan barcha o‘g‘il-qizlarimiz g‘olibdir. Chunki ularda ijod qilishga intilish, izlanish va o‘z iqtidorini namoyon etish istagi bor. Ana shu intilish kelajakda yurtimizga yangi ijodkorlarni yetishtirib beradi. Balki ular orasidan O‘zbekiston tasviriy san’atining taniqli namoyandalari — akademik Akmal Nur, xalq rassomlari Bahodir Jalolov, Alisher Mirzayev kabi ijodkorlar, hatto buyuk miniatyura san’ati asoschilaridan biri Kamoliddin Behzod singari san’at ustalari yetishib chiqar. Shu bois bu galgi tanlovda faqat bir necha nafar ishtirokchini emas, barcha qatnashchilarni ma’naviy rag‘batlantirishga qaror qildik, — dedi u.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, bu kabi ijodiy tanlovlar yoshlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularning badiiy dunyoqarashini kengaytirish, eng muhimi, davlat ramzlariga hurmat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA