Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, davlat xizmatini rivojlantirish, bunda sifat va samaradorlikni oshirish, tizimga har tomonlama malakali, bilimli kadrlarni jalb qilish, davlat fuqarolik xizmati tizimining birligi va barqarorligi, qonuniylik, adolat, xalqqa xizmat qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi islohotlar bir qator tizimli muammolar va kamchiliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Muhimi, bunday islohotlar xalqimiz kundalik hayotida o‘z ifodasini topayotgani bilan ahamiyatlidir.
Davlat fuqarolik xizmati o‘zi nima?
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 8 avgustda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonun davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni, ya’ni davlat organlari va tashkilotlari o‘rta bo‘g‘in xodimlarining mehnatini tartibga soladi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston fuqarolarining davlat organlari va tashkilotlarida jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshiradigan haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatidir. Ilgari bunday tushuncha yo‘q edi, endi fuqarolik xizmatining davlat xizmatining boshqa turlaridan nimasi bilan farq qilishi aniq bo‘ldi. Umuman olganda, davlat xizmati fuqarolik, huquqni muhofaza qiluvchi, diplomatik va harbiy yoki siyosiy va nosiyosiy bo‘lishi mumkin. Ularning har biri huquqiy vazifasiga ko‘ra bir biridan farqlanadi.
Shu paytgacha O‘zbekistonda davlat xizmatini yagona mexanizm sifatida ko‘rib chiqadigan birorta ham huquqiy hujjat mavjud emas edi. 2017-2018 yillarda davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Faqat 2020 yilga kelib qonun loyihasi sarlavhasida “fuqarolik” so‘zi paydo bo‘ldi.
Davlat xizmatining birligi nima uchun zarur?
Birinchi navbatda, davlat xizmati samarali, yagona mexanizm sifatida ishlashi uchun. Buning uchun esa umumiy maqsadlar va qarashlarga ega idoralararo hamkorlikning yagona tizimini yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, qonun davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 118 mingdan ortiq davlat xizmatchisining huquqiy maqomini belgilab beruvchi normalar asosida faoliyatni tartibga soluvchi yagona hujjat sifatida vujudga keldi. Qonunda davlat xizmatchilarining vakolatlari, huquqlari, burchlari va majburiyati, davlat xizmati bilan bog‘liq cheklovlar, davlat xizmatida korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish choralari hamda davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari belgilangan.
Davlat fuqarolik xizmatchisi kim?
Davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z faoliyatini davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida amalga oshiruvchi O‘zbekiston fuqarosi. Qonunga ko‘ra, u manfaatlar to‘qnashuvidan qochishi, xolis bo‘lish lozim. O‘z mansabidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek, mansab faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolari faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymasligi, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi zarur.
Qonunga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida ishlashi mumkin emas. Ularning birga xizmat qilishi, ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘ladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashiga yo‘l qo‘yilmaydi (qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollaridan tashqari, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatidan tashqari boshqa haq to‘lanadigan faoliyat, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etish, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lish, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish mumkin emas.
Shuningdek, qonun normalarida o‘zi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga, chet davlat fuqaroligini olishga, o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga haqli emasligi alohida belgilangan.
Muhim tomoni shundaki, davlat fuqarolik xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisob-raqamlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga haqli hisoblanmaydi. Faqat bu tartib chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisob-raqamlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulklarga tatbiq etilmaydi.
Jahon tajribasida bu jarayon mavjudmi?
Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorij tajribasi va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalariga tayanilgan bo‘lib, xususan, AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi o‘ndan ortiq rivojlangan mamlakatlar, MDH davlatlari va boshqalarning tajribalari o‘rganilgan.
Jumladan, Fransiya misolida olib qaralsa, ushbu mamlakatda barcha davlat xizmatchilari ikki katta turkumga bo‘linadi. Bulardan birinchisini davlat ma’muriyati, shuningdek mahalliy hamjamoalar va ommaviy muassasalarning fuqarolik xizmatchilari (shu jumladan o‘qituvchilar va shifokorlar) tashkil etsa, ikkinchi guruh tarkibiga harbiy xizmatchilar, sudlar va parlament xodimlari kiradi.
AQSHda esa davlat xizmatini “hukumat xizmati” va “fuqarolik xizmati” turlariga bo‘lish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Buyuk Britaniyada barcha mansabdor shaxslar ikki asosiy guruhga – hukumat iste’foga ketishi bilan almashadigan siyosatchilar hamda boshqa ma’muriy organlardan mustaqil bo‘lgan fuqarolik xizmati komissiyasi tomonidan doimiy ishga yollanadigan kasbiy ma’murlarga bo‘linadi.
Davlat fuqarolik xizmatiga kirish qanday amalga oshiriladi?
Bu tanlov asosida nomzodni davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlash orqali amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatiga davlat tilini biladigan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tegishli malaka talablariga va boshqa talablarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi. Chet ellik mutaxassislar va ekspertlar davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda egallashi mumkin. Chet el mutaxassislari va ekspertlarining xizmatni o‘tash tartibi hamda shartlari tegishli shartnoma asosida belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan shaxs bilan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligi asosida muayyan yoki nomuayyan muddatga yozma shaklda tuziladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakldagi xizmat guvohnomasi beriladi. Xizmat guvohnomasi davlat fuqarolik xizmatchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlaydigan identifikatsiyalovchi karta ko‘rinishida ham berilishi mumkin.
Muxtasar aytganda, Qonun davlat fuqarolik xizmati tizimining birligi va barqarorligi, qonuniylik, adolat, xalqqa xizmat qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, xolislik, davlat xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi singari bir qator davlat fuqarolik xizmatining asosiy tamoyillarini belgilaydi.
Maqsud Qurbonov,
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
O‘zA