Davlat aktivlari agentligi va OTB moliyaviy barqarorlik masalalarini muhokama qildi
Davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, qarzdorlikni tartibga solish va ularning to‘lov qobiliyatini tiklash davlat aktivlarini samarali boshqarishda muhim o‘rin tutadi.
Bu masalalar Davlat aktivlari agentligi va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Muloqot davomida "To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida"gi qonunni davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan qo‘llashning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, moliyaviy qiyinchiliklarni erta aniqlash, qarzdorlikni tartibga solish va kreditorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, moliyaviy ahvoli og‘irlashgan korxonalarni sog‘lomlashtirish, qarzlarini qayta tarkiblash hamda to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu choralar kutilgan samarani bermagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vaqtida qaror qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni izchil qo‘llash moliyaviy intizomni mustahkamlash, davlat aktivlaridan oqilona foydalanish va kreditorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Agentlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar qonunchilikni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA