Davergeodezkadastr qoʻmitasi raisining murojaati
Bugun Sizlarga ilk marotaba Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining raisi sifatida murojaat qilmoqdaman.
Hurmatli vatandoshlar!
Bugun Sizlarga ilk marotaba Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining raisi sifatida murojaat qilmoqdaman.
Murojaat qilishimga Sizlarni qiynab kelayotgan koʻplab holatlar, jumladan, korrupsiya illati sabab boʻldi.
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va kadastr sohasining shaffof, korrupsiyadan holi boʻlishidan aynan Siz (biz) va kelajak avlodlarimiz manfaatdor.
Afsuski, amaliyotda murojaat qilgan fuqaroning ishi tez bitmasligi, sarson boʻlishi, korrupsiya elementlarining mavjudligi, Sizlarning bizga boʻlgan ishonchingizni juda keskin pasayishiga olib kelgan.
Halollik va poklik orqaligina Sizlarning ishonchingizni oqlab, qoʻmita imijini qayta tiklashni asosiy vazifam deb bilaman va bu yoʻnalishda Sizlarning koʻmagingizga muhtojman. Buning uchun Sizlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyishimiz zarur.
Davrgeodezkadastr qoʻmitasi faoliyatidagi muammolar, hal etilmagan ishlar, byurokratik toʻsiq va gʻovlarga duch kelayotgan boʻlsangiz, shuningdek, mazkur yoʻnalishni rivojlantirish, takomillashtirish boʻyicha gʻoya va takliflaringiz mavjud boʻlsa, biz bilan ochiq muloqot qilishingizni soʻraymiz.
Buning uchun, hozirda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining @uzkadastr Facebook tarmogʻida rasmiy sahifasi, 1097 ishonch telefoni, shuningdek, Sizlarga qulay boʻlishi uchun Telegram messenjerida @ygkuzbot qayta aloqa boti ishga tushirildi va mening shaxsiy elektron 01@ygk.uz manzilimga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat etishingiz mumkin.
Har bir murojaatingizni eʼtibor bilan oʻrganamiz.
Kundalik hayotida davlat idoralariga murojaat etib, turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan xalqning oʻzigina — sohani rivojlantirish uchun nima kerakligini bizdan koʻra yaxshiroq biladi, muhim gʻoyalarni taklif eta oladi.
Shu bois, har bir fuqaro, ommaviy axborot vositasi, jurnalist va blogerning shu sohaning rivoji uchun bildirgan fikri va eʼtibori biz uchun juda muhim va qadrli.
Doʻstlar!
Asosiy maqsadimiz Sizning koʻmagingizda xalqimizga byurokratiya va korrupsiyadan holi, sifatli va xolis xizmat koʻrsatadigan tizimni shakllantirish.
Oʻylaymanki, birdamlikda amalga oshirilgan ishlar, ijobiy oʻzgarishlar uzoq kuttirmay oʻz samarasini beradi.
Hurmat ila,
Xalilillo Turaxujayev.