Daryodan quvvat, quvvatdan taraqqiyot: kichik GESlar O‘zbekistonga nima beradi?
Mustaqillikning 35 yilligi
Elektr energiyasiga ehtiyoj yildan-yilga ortib borayotgan bir sharoitda yangi quvvat manbalarini topish masalasi har qachongidan dolzarb. Bugun bu imkoniyat faqat ulkan elektr stansiyalarida emas. Ba’zan tog‘dan tushib kelayotgan soy, qishloq yonidan o‘tadigan kanal yoki yillar davomida faqat sug‘orishga xizmat qilib kelgan gidrotexnik inshootda ham yangi energiya manbai yashirin bo‘lishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 19-avgust kuni mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdim etildi. Bundan asosiy maqsad mamlakatda mavjud suv resursi va infratuzilmasining hali to‘liq ishga solinmagan energetik imkoniyatidan foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarishni iste’molchiga yaqinlashtirish va hududlarda qo‘shimcha quvvat manbalarini yaratishdir.
Suv oqimidagi hali ishga solinmagan imkoniyat
O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borar ekan, yangi generatsiya quvvatini yaratish muhim vazifaga aylanyapti. Kichik va mikroGESlar bu borada o‘ziga xos o‘rin tutadi. Soha mutaxassisilari qayd etganidek, ularni yirik GESlardan farqli ravishda kanallar, irrigatsiya tarmoqlari, gidrotexnik inshootlar va kichik daryo-soylarda nisbatan tez va kamroq xarajat bilan barpo etish mumkin. Ayniqsa, tog‘li va tog‘oldi hududlarida suv oqimi va bosimi yuqori bo‘lib, bu kichik GESlar uchun qulay sharoit yaratadi. Farg‘ona vodiysi kabi sug‘orish kanallari tarmog‘i keng rivojlangan hududlarda esa mikroGESlar uchun alohida imkoniyat bor.
Energetika vazirligi keltirgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatdagi daryo va kanallarning umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod. Ayniqsa, betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikroGESlar qurish uchun katta salohiyat mavjud. Bu raqamning o‘zi ham masalaning ko‘lamini ko‘rsatadi. Ya’ni, yangi quvvat manbalarini yaratish uchun har doim ham butunlay yangi joydan infratuzilma boshlash shart emas. Mavjud suv xo‘jaligi ob’ektlarining energetik imkoniyatini o‘rganish ham yangi loyihalarga yo‘l ochishi mumkin.

– Bugungi yondashuvning asosiy g‘oyasi har bir daryo, soy va kanalning energetik imkoniyatini o‘rganish, – deydi “O‘zbekenergo” mutaxassisi Ravshan Baykulov. – Chunki mamlakat gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali to‘liq ishga solinmagan. Kichik va mikroGESlarni kanallar, irrigatsiya tarmoqlari, dyukerlar, gidrotexnik inshootlar va kichik daryo-soylarda nisbatan tez va kamroq xarajat bilan barpo etish mumkin.
Mazkur jarayon kichik gidroenergetikaga nisbatan yondashuv o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Endi asosiy masala faqat yirik stansiya qurishda emas, balki mamlakatdagi mavjud suv oqimidan qayerda va qay darajada qo‘shimcha energiya olish mumkinligini aniqlashdadir.
Quvvatni iste’molchiga yaqinlashtirish nega muhim?
Elektr energiyasini ishlab chiqarishning o‘zi sohaning butun muammolarini hal qilmaydi. Uni iste’molchiga yetkazish ham katta ahamiyatga ega.
– Kichik va mikro GESlarning muhim jihatlaridan biri elektr energiyasini iste’molchiga yaqin hududda ishlab chiqarish imkoniyati, – deydi Ravshan Baykulov. – Bu elektr energiyasini uzoq masofaga uzatishga bo‘lgan ehtiyojni qisqartiradi. Natijada tarmoqlarning ayrim uchastkalaridagi yuklama va elektr energiyasini uzatishdagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, kichik GESning qiymati faqat uning qancha megavatt elektr ishlab chiqarishi bilan baholanmaydi. Bu olis hududdagi aholi punkti uchun barqarorroq elektr ta’minoti, mahalliy tadbirkor uchun elektr energiyasiga bog‘liq ishlab chiqarish va xizmatlarni ishonchliroq tashkil etish, energetika tizimi uchun esa markaziy tarmoqning ayrim uchastkalaridagi yuklamani kamaytirish imkoniyatidir. Ya’ni, kichik stansiya bir vaqtning o‘zida hudud, aholi, biznes va umumiy elektr tarmog‘i manfaatlariga xizmat qilishi mumkin. Rejalar katta. 2025–2026-yillarda jami 164 MVt quvvatga ega 2 983 ta mikroGES qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar orqali yiliga taxminan 500 million kVt·soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Natijada 280 ming nafar aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash, qurilish davrida 1 200 nafar, stansiyalar ishga tushgach esa 520 ta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bir qaraganda, bu kichik quvvatli stansiyalar. Ammo qariyb uch mingta loyiha birlashganda natija butunlay boshqacha ko‘lamga chiqadi. Bu yuz minglab aholi uchun qo‘shimcha elektr ta’minoti, minglab kishilar uchun ish imkoniyati va hududlarda yangi iqtisodiy faollik degani.
Shu bilan birga, raqamlar sohadagi asosiy vazifa hali oldinda ekanini ham ko‘rsatadi. 2026-yil 19-avgust holatiga ko‘ra, rejalashtirilgan loyihalarning bor-yo‘g‘i 64 tasi, umumiy 41,6 MVt quvvat bilan ishga tushirilgan. Demak, endi asosiy masala faqat yangi loyihalarni belgilash emas. Ularni amalga oshirish, qurilishni tezlashtirish va samarali ishga tushirish hal qiluvchi bosqichga aylanyapti. Soha mutaxassisi ham hozirgi asosiy muammo loyihalar sonida emas, ularni amaliyotga tez va samarali o‘tkazish mexanizmlarida ekanini qayd etadi.
Yana bir jiddiy masala uskunalarning importga bog‘liqligi. Hozir mikroGESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning taxminan 90 foizi xorijdan olib kelinadi. Shuning uchun kichik gidroenergetikadagi keyingi qadamni faqat “nechta stansiya qurildi?”, degan savol bilan baholash kamlik qiladi. Endi sohaning asosiy savollari “loyihalar qanchalik tez ishga tushirildi, uskunalar bilan ta’minlash qay darajada hal qilindi va bu quvvatlar amalda qanday samara berdi?”dan iborat bo‘ladi.
Kichik GES xususiy investor uchun ham yangi imkoniyat

Energetikaga investitsiya kiritish har doim katta sarmoya va uzoq muddat bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Kichik va mikroGESlar esa xususiy investorlar uchun nisbatan barqaror va uzoq muddatli loyiha sifatida qaralmoqda. “O‘zbekenergo” mas’ulining texnik-iqtisodiy hisob-kitobga ko‘ra, loyihaning o‘zini qoplash muddati uning quvvati, suv bosimi va sarfi, qurilish qiymati, uskuna narxi hamda elektr energiyasi tarifiga qarab farq qiladi. Umuman, 5-6 yillik qoplash muddati mikroGESlar uchun real oriyentir sifatida keltirilmoqda. Bu borada Hisorak kichik GESi misoli e’tiborga molik. Uning o‘rnatilgan quvvati 3,5 MVt, loyihaviy yillik ishlab chiqarish hajmi 5,2 million kVt soat etib belgilangan. Amalda esa 2025-yilda 10,4 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Albatta, bitta loyihadagi natijani butun sohaga tatbiq etib bo‘lmaydi. Ammo bu misol suv-energetika salohiyati yuqori, suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda joylashtirilgan kichik GESlar yuqori samara berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Demak, asosiy masala har qanday joyga stansiya qurish emas, to‘g‘ri joyni tanlash, suv resursini aniq baholash va iqtisodiy hisob-kitobni puxta qilish lozim.
164 MVt yaqin vazifa, 204,8 MVt keyingi marra
Kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha vazifalar bosqichma-bosqich belgilangan. Yaqin bosqichda 2025–2026-yillar uchun 164 MVt quvvatga ega 2 983 ta mikroGESni qurish rejasi bor. Keyingi marra esa 2030-yilgacha kichik va mikroGESlar quvvatini 204,8 MVtga yetkazishdan iborat. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunda yiliga 620 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu orqali 350 mingta xonadonni yashil energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoni yaratilishi kutilmoqda.
– Bunday stansiyalar nafaqat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish, balki generatsiyani iste’molchiga yaqinlashtirish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani yengillashtirish va uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi, – deyiladi Energetika vazirligi bergan ma’lumotda. – Ayniqsa, markaziy elektr tarmoqlaridan uzoqda joylashgan aholi punktlari uchun bu muhim ahamiyatga ega.
Daryodan quvvat, quvvatdan taraqqiyot
Bugun kichik va mikroGESlarga nisbatan qarash o‘zgarmoqda. Kechagina energetika imkoniyati sifatida baholanmagan kichik soy yoki kanal ham tegishli hisob-kitob asosida qo‘shimcha generatsiya manbaiga aylanishi mumkin. Sug‘orish uchun xizmat qilayotgan gidrotexnik inshoot elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati nuqtai nazaridan ham o‘rganilmoqda. Bu, albatta, har bir kanal yoki har bir daryoga GES quriladi, degani emas. Bunday qaror texnik va iqtisodiy tahlilni talab qiladi, ammo mamlakatning hali to‘liq ishga solinmagan suv-energetika salohiyatiga yangi ko‘z bilan qarashning o‘zi muhim o‘zgarishdir.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA