Daryo talanmoqda, aholi qiynalmoqda: mas’ullar qachon uyg‘onadi?
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani asosan tog‘li hududlardan iborat. Bu yerdagi sersuv daryolar nafaqat tabiatning bebaho ne’mati, balki qurilish sohasi uchun muhim xomashyo – qum-shag‘al manbai ham hisoblanadi. Bugun yurtimizda qurilishlar ko‘lami kengayib, shahar va qishloqlar qiyofasi tobora zamonaviy tus olmoqda. Tabiiyki, bu jarayon qum-shag‘al mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham keskin oshirmoqda.
Ammo har qanday taraqqiyot ham me’yor va mas’uliyat bilan uyg‘un bo‘lmasa, u foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.
Kitob tumani “Beshariq” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Yangiariq va Sag‘anoq qishloqlari aholisi so‘nggi yillarda ana shunday holatdan jiddiy tashvishda. Sabab qishloqlarni kesib o‘tuvchi Oqdaryo o‘zanidan qum-shag‘alning nazoratsiz va haddan ziyod miqdorda olinayotganidir.
Muammoni o‘rganish maqsadida hududda bo‘ldik.
Oqdaryo Hisor tog‘laridan boshlanib, Shahrisabz va Kitob tumanlaridagi o‘nlab qishloqlarni suv bilan ta’minlaydigan muhim manba hisoblanadi. Biroq Yangiariq va Sag‘anoq oralig‘ida yoz oylariga kelib daryo oqimi keskin pasayadi, kuzgacha esa deyarli qurib qoladi. Aynan shu davr karer faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun “qulay mavsum”ga aylanadi.
Qurib qolgan o‘zandan qum-shag‘al ommaviy tarzda olib chiqiladi.
Natija esa ayon: ayrim joylarda daryo o‘zani 30 metrgacha chuqurlashib ketgan. Bu esa bahorgi suv ko‘payish davrida aholi uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
– Daryo o‘zani uch qavat pastga tushib ketdi, – deydi Sag‘anoq qishlog‘i fuqarosi Qahramon Nodirov. – Mashina o‘tadigan ko‘prigimizni shu yilning o‘zida uch marta ta’mirladik. Yaqinda yana suv olib ketdi. Endi mashinada o‘tishning iloji yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin janoza bo‘lsa, qabristonga olib o‘tishga qiynalamiz. Piyodalar ko‘prigi ham xavfli ahvolga kelib qolgan. Shikoyat qilmagan joyimiz qolmadi, ammo natija yo‘q.
Daryoning ikki qirg‘og‘ida yashovchi aholi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Bir tomonda Sag‘anoqda 30 dan ortiq xo‘jalik, ikkinchi tomonda 260 xo‘jalikdan ziyod Yangiariq aholisi. Marosimlar, kundalik hayot, barchasi o‘zaro bog‘liq. Ammo bugun ular uchun eng oddiy harakat, daryodan o‘tish ham katta muammoga aylangan.
– Har kuni yo‘lovchilar bilan daryodan o‘taman, – deydi haydovchi Dilshod Nodirov. – Bir yarim yilda o‘zan 7-8 metrga pasaydi. Ilgari kuniga uch-to‘rtta mashina qum olardi. Hozir esa 30 dan ortiq og‘ir yuk mashinasi tashiydi. Asosan kechasi ishlashadi. Yo‘llar vayron, har ikki oyda ko‘prik ta’miri uchun pul yig‘amiz. Murojaatlar esa samara bermayapti.
Joyiga borib ko‘zdan kechirganimizda piyodalar ko‘prigi ham ayanchli holatga kelgani ma’lum bo‘ldi: suv sathi pasayishi natijasida beton ustunlar ochilib, inshoot xavfli ahvolga tushgan.
Eng achinarlisi bu holat tadbirkor faoliyatiga deyarli ta’sir qilmayapti.
Suhbat davomida u faoliyati qonuniy ekanini, 43 yillik shartnoma asosida 300 ming kub metr qum-shag‘al olish huquqiga ega ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu hajmni xohlasa bir yilda, xohlasa 43 yilda olishi mumkin.
Bu esa bir savolni kun tartibiga olib chiqadi: tabiat, infratuzilma va aholi manfaatlari qay darajada inobatga olinmoqda?
Axir tadbirkorlik erkinligi bu cheklovsiz faoliyat degani emas. U jamiyat manfaati, ekologik muvozanat va inson xavfsizligi bilan uyg‘un bo‘lishi shart.
Afsuski, mas’ul tashkilotlar bu muammoga nisbatan yetarlicha qat’iy pozitsiya bildirmayapti. Tuman ekologiya bo‘limi vakillari aniq izoh berishdan tiyildi. Hokimlik mas’ullari esa muammoni faqat yo‘l belgilari o‘rnatish orqali “hal qilish”ga urinayotgandek.
Biroq bu muammoning yechimi emas, balki uni vaqtincha niqoblash, xolos.
[gallery-28550]
Xulosa shuki, Yangiariq va Sag‘anoq aholisining dard-tashvishlarini eshitadigan, muammoni tizimli hal etadigan mas’ullar hozircha topilmayapti. Agar bu holatga zudlik bilan aralashilmasa, bir necha yil ichida Oqdaryo o‘zani bilan bog‘liq muammolar qaytarib bo‘lmas darajaga yetishi mumkin.
Mavzu e’tiborimizda qoladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZZaYVb-P0sM" title="Daryo talanmoqda, aholi qiynalmoqda: mas’ullar qachon uyg`onadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA