Daraxt ichidagi “xona”: Fransuz sayyohini hayratga solgan Xo‘jakent chinori
Yevropalik sayyoh Gabriel Bonvalo 1880-yillardagi safari davomida Toshkent yaqinidagi Xo‘jakent qishlog‘ida tanasining kengligi qariyb to‘qqiz metr, aylanasi esa qirq sakkiz qadamni tashkil etgan ko‘p asrlik chinorni kuzatgan.
Tabiat bilan inson uyg‘unligi hamda qadimiy aholi maskanlarining tog‘ etaklarida barpo etilishi Markaziy Osiyo etnografiyasining qiziqarli sahifalaridan biridir. Fransuz tadqiqotchisi Gabriel Bonvalo XIX asrning ikkinchi yarmida Toshkent vohasi va unga tutash tog‘li hududlarni o‘rganar ekan, Chotqol tizmasi etagidagi Xo‘jakent qishlog‘i tabiatiga katta e’tibor qaratadi.
Tog‘ etaklaridan oqib chiquvchi tiniq buloqlar bo‘yida qad rostlagan ko‘hna chinorlar xorijlik sayyohning diqqatini tortadi. Bonvalo o‘z xotiralarida ushbu ulkan daraxtlar orasidagi eng yirigi asrlar sinoviga dosh berganini, uning tanasi kengligi to‘qqiz metrni tashkil etganini qayd etadi. Tananing pastki qismini aylanib chiqish uchun kishi to‘liq qirq sakkiz qadam bosishi lozim bo‘lgan.
Mazkur noyob daraxt faqat ulkan hajmi bilangina emas, balki aholining ijtimoiy turmushida tutgan o‘rni bilan ham ajralib turgan. Gabriel Bonvalo chinor tanasining ichki qismi vaqt o‘tishi bilan tabiiy tarzda kengayib, xuddi shinam xona yoki majlisgoh holiga kelganini yozib qoldirgan. Tog‘liklar va voha ahli bayram kunlari chinorning ichiga to‘planib, dasturxon yozishgan hamda jamoat uchun muhim masalalarni muhokama qilishgan.
Sayyoh bu manzarani qadimiy bir ko‘rkam qal’a xarobasiga qiyoslar ekan, daraxtning yer ostiga chuqur kirib borgan yo‘g‘on ildizlari baquvvat ustunlar singari tanani mahkam tutib turganini ta’kidlaydi.
Chorvoq va Chotqol etaklaridagi ushbu go‘sha qadimdan o‘ziga xos sog‘lomlashtirish maskani sifatida ham qadrlangan. Tog‘ buloqlari, salqin havo va qalin daraxtlar soyasi yozning jazirama kunlarida odamlarning hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratgan. Bonvalo mazkur hududning yumshoq iqlimi xastaliklarga malham bo‘lganini, shu sababli uning yaqinidagi Chimyon mavzeida shifo maskanlari tashkil etilganini esga oladi. Toshkent ahli yoz pallasida muntazam ravishda Xo‘jakent buloqlari bo‘yiga kelib, tog‘ tabiati ne’matlaridan bahramand bo‘lishni an’anaga aylantirgan edi. Bu holat vohada tabiiy iqlim va shifobaxsh buloqlardan oqilona foydalanish tajribasi yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tog‘ etaklaridagi dehqonchilik madaniyati ham fransuz olimining kuzatuvlarida muhim o‘rin egallaydi. Xo‘jakentdan Pskom daryosi bo‘ylab yuqorilagan sayyoh Qumson, Sijjak va Bog‘iston qishloqlarida uzumzorlar, poliz ekinlari hamda g‘alla paykallari tog‘ yonbag‘irlarida nihoyatda puxta joylashtirilganiga guvoh bo‘ladi. Tog‘liklar nishab yerlarda suvni isrof qilmasdan, toshlardan tozalangan tuproqda murakkab sug‘orish tarmoqlarini yo‘lga qo‘ygan edi. Bunday mehnat tufayli tog‘ etaklari qalin bog‘-rog‘larga aylantirilgan.
Gabriel Bonvalo kundaliklarida qayd etilgan ushbu dalillar o‘zbek zaminida tabiatni asrash, atrof-muhit ne’matlarini avaylab ishlatish madaniyati chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Ko‘p asrlik daraxtni kesmasdan, uning tabiiy bo‘shlig‘ini jamoat yig‘inlari o‘tadigan fayzli go‘shaga aylantirish tajribasi ajdodlarimizning tabiat bilan munosabatdagi yuksak madaniyatidan dalolat beradi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA