Daniya xat yuborish amaliyotini to‘xtatadi
Daniya milliy pochta operatori “Post Nord” raqamlashtirishga o‘tish jarayonida qog‘oz xat yetkazib berilishini butunlay cheklamoqchi. Bu haqda DR teleradiokompaniyasi xabar tarqatgan.
“Post Nord” ushbu mamlakatning 401 yillik tarixga ega milliy pochta xizmati sanaladi. Endi mazkur muassasa asosiy e’tiborni maktub emas, jo‘natma yetkazib berishga qaratmoqchi.
Bayonotda operator xat yuborish xizmatiga talab pasayganini qayd etgan. 2000 yil kompaniya 1,5 milliard xatni manzilga yetkazgan. Hozir esa bu raqam atigi 100 millionni tashkil etadi. Zero, aksar daniyaliklar raqamli aloqaga o‘tgan.
Qirollikda bundan buyon qog‘ozga yozilgan maktubni egasiga yetkazish faqat xususiy kompaniya orqali amalga oshiriladi.
Daniya bo‘ylab barcha pochta qutilari olib tashlanadi.
S.Rahimov, O‘zA