Dalani uydan turib sug‘orish: Ohangaronda qishloq xo‘jaligi raqamlashmoqda
Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, aholi va bozor talabidan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida, kuzgi to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlariga kirishildi.
Joriy yil kuz mavsumida tumanda jami 1100 gektar maydonga to‘qsonbosti ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida yer maydonlarini ekishga tayyorlash, urug‘liklarni joylashtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, «Madina Ohang Agro» MCHHJda to‘qsonbosti ekinlarini ekish jarayoni qizg‘in pallaga kirgan. Korxonada ayni paytda 35 gektar maydonga Xitoy texnologiyasi asosida sarimsoq piyoz ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

E’tiborli jihati, mazkur texnologiyadan foydalanish orqali yer maydonidan olinadigan hosildorlikni 2 barobardan ortiqroqqa oshirish ko‘zda tutilmoqda. Oddiy usulda sarimsoq piyoz yetishtirilganda gektaridan o‘rtacha 12 tonnagacha hosil olingan bo‘lsa, Xitoy texnologiyasi asosida tashkil etilgan maydonlarda bu ko‘rsatkichni 30 tonnagacha yetkazish imkoniyati mavjud.

Korxonada ekinlarni parvarishlash jarayonida zamonaviy agrotexnologiyalar bilan bir qatorda suv resurslaridan tejamkor va oqilona foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, sarimsoq piyoz yetishtirilayotgan maydonlarda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Yana bir muhim jihat — mazkur sug‘orish tizimi to‘liq raqamlashtirilgan. Maydonlarda maxsus Wi-Fi zonalari tashkil etilgan bo‘lib, "aqlli" sug‘orish jarayoni internet orqali masofadan boshqariladi. Bu esa agronom yoki mas’ul xodimga maydonda bevosita bo‘lmagan holda ham sug‘orish tizimini nazorat qilish va boshqarish imkonini beradi. Ya’ni, mas’ul shaxs uyida yoki boshqa hududda bo‘lgan taqdirda ham tizim orqali maydonlarni sug‘orish jarayonini masofadan boshqarishi mumkin.

Bunday yondashuv, avvalo, suvdan samarali foydalanish, ekinlarni belgilangan me’yorda va o‘z vaqtida sug‘orish, mehnat resurslarini tejash hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, tumanda to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yer resurslaridan yil davomida unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish va fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. «Madina Ohang Agro» MCHHJdagi Xitoy texnologiyasi va raqamlashtirilgan sug‘orish tizimi esa zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishning amaliy namunasidir.