Chustdagi istiqbolli korxona
Namangan viloyati Chust tumanida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, sanoat mahsulotlari turini ko‘paytirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Hududda faoliyat boshlagan “Chust Ay-Nur Ip” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday istiqbolli loyihalardan biri bo‘lib, akril xomashyosidan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Umumiy qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida yiliga 4 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilgan bo‘lib, korxonada 80 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu esa hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholi bandligini oshirish va sanoat salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Mazkur bosqichning amalga oshirilishi ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
[gallery-32177]
Korxona faoliyati Chust tumanida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va aholi uchun barqaror daromad manbalarini shakllantirishga qaratilgan loyihalardan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA