Chorvachilik va naslchilik sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Mamlakatimizda chorvachilik va naslchilikni rivojlantirish, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, shuningdek, soha samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu maqsadda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan xorijiy davlatlarning yetakchi tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalar faollashtirilmoqda. Xususan, 20-aprel kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Faxriddin Boboyev hamda Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri bosh direktori H. Viezer o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deyiladi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotida.

Uchrashuvda chorvachilik va naslchilik sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy-amaliy tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Avstriyaning go‘sht va sut yo‘nalishida yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turuvchi Simmental zotini, uning urug‘i va embrionini O‘zbekistonga olib kirish hamda shu asosda qo‘shma naslchilik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, soha mutaxassislarining malakasini oshirish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakunida bu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA