Chorvachilik sohasida yangi texnikalar yaratilmoqda
Qaysi sohada yangiliklarga ko‘r qo‘l urilsa, mutaxassislar izlanishlar olib borsa natijalar ham shunga mos bo‘ladi.
Chorva naslchiligi, ozuqa bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ham e’tiborga molik. Xususan, joriy yilda yurtimiz olimlari chorvachilikda keng qo‘llaniladigan yangi texnika – chorva ozuqasini samarali aralashtiruvchi uskunani yaratishdi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur uskunalar Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlardagi tajriba olib borilayotgan xonadonlarga yetkazib berildi.

Qo‘mita huzuridagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari Janubiy Koreya respublikasining KOPIA markazi bilan hamkorlikda sinov tariqasida qoramol ozuqasini ezib aralashtiradigan 4,5 metr kub hajmli beshta minimikser texnikasini ishlab chiqdi.
Ushbu texnikada xonadonlarda “Umumiy aralashma ozuqalarning jamlanma ratsioni” asosida ozuqa tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, har bir viloyatga ozuqani maydalash uchun elektr tokiga ishlaydigan maydalagichlar olib berildi.
Izlanishlar davomida xonadonlarga mo‘ljallangan elektr tokiga ishlaydigan 1,2 metr kub hajmli minimikser texnikasi ham yaratildi. Ayni kunlarda ana shunday uskunalardan bittasi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida, yana bittasi aholi xonadonlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Olimlar tomonidan ushbu aralashtirgichga patent olish uchun Intellektual mulk agentligiga hujjatlar taqdim qilindi.
O‘zA