Chorvachilik sohasida malakali kadrlar tayyorlashda yangi qadam
Mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarmoqni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgan muhim huquqiy asoslardan biridir.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha 10 kunlik o‘quv kurslari boshlandi.
Tadbirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Samarqand shahridagi Veterinariya mutaxassislarining malakasini oshirish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, filial professor-o‘qituvchilari hamda mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha texnik-oseminatorlar ishtirok etmoqda.
O‘quv kurslarining birinchi kunida filial direktori, veterinariya fanlari doktori, professor A.Yesimbetov chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hamda soha uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
O‘n kunlik dastur nazariy bilimlar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Tinglovchilar chorva mollarining anatomiyasi va fiziologiyasi, reproduktiv biologiya, sperma sifatini baholash, uni saqlash va kriokonservatsiya texnologiyalari, sun’iy urug‘lantirish uskunalari bilan ishlash, shuningdek, naslchilik hisobini yuritish, seleksiya ishlarini tashkil etish hamda chorva mollarini ilmiy asosda oziqlantirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtiradilar.
Prezident qarori bilan belgilangan vazifalarning izchil ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur o‘quv kurslari zamonaviy bilim, ilmiy tajriba va amaliy ko‘nikmalarni yagona tizimga birlashtirib, chorvachilik tarmog‘ining ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri