Chorvachilik komplekslari o‘rganildi
Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Senati a’zolari joylarda bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, senator Risqul Siddiqov hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbar xodimlari, mutaxassislaridan iborat ishchi guruh “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini o‘rganish maqsadida Toshkent viloyatining Zangiota va Yangiyo‘l tumanlaridagi chorvachilik komplekslarida bo‘ldi.

Ishchi guruh tumanlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarini iqlim sharoitidan kelib chiqib, kooperatsiya asosida qoramolchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik, xonaki parrandachilik hamda intensiv baliqchilikka ixtisoslashtirish imkoniyatlaridan qay darajada foydalanilayotganini o‘rgandi. Shuningdek, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi va “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi tahlil qilindi.
Hududlarda chorva hayvonlarni parvarishlash, naslni yaxshilash va chorva kasalliklarining oldini olishda “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi imkoniyatlari bilan tanishildi. Profilaktik emlash jarayonlari, targ‘ibot-tashviqot ishlari bevosita joyida o‘rganildi.
Senatorlar o‘rganishlar davomida tumanlarda 2021 yilda amalga oshirilmay qolgan loyihalarning bank kreditlarini moliyalashtirish, loyiha tashabbuskorlari tomonidan kredit olish uchun berilgan ariza va ularning qanoatlantirish holatini ham tahlil qildi.
M.Komilova, O‘zA