Chorshanba – bolalarga yod preparatini ichirish kuni
Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 28 avgustdagi qo‘shma qaroriga asosan O‘zbekistonda 3-15 yoshdali bolalarni yod va 2-10 yoshli bolalarni gelmintoz (gijja kasalligi)ga qarshi preparatlar bilan bepul ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma tasdiqlandi.
AOKAda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shu haqda so‘z yuritildi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, yod preparati davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga biriktirilgan hamshira yoki pedagog xodimlar orqali, nodavlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga oilaviy poliklinika hamda oilaviy shifokorlik punktlari patronaj hamshiralari tomonidan tarqatiladi.
Shuningdek, hujjatda joriy yilning 20 sentyabridan boshlab davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida haftaning har chorshanba kuni bolalarga yod preparatini umumiy ichirish kuni, deb belgilangan.
Bunda yod preparati haftada bir marotaba maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, ya’ni 3 - 6 yoshli bolalarga 500 mkg, maktab o‘quvchilari, ya’ni 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1000 mkg ichirilishi tavsiya etiladi.
Ta’lim tashkilotlari rahbarlari ta’lim maskanlarida bolalarning preparatni ichishlari uchun suv va boshqa zarur sharoitlarni yaratadi.
Shuningdek, tashkilot patronaj hamshirasi mazkur preparatlarni qabul qilish qoidalarini bilishi, boshqa pedagog xodimlar, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar, ota-onalarga bu borada tushuncha berishi zarur.
Yod preparatlarini saqlash va hisobotini yuritish davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari hamshirasi yoki mas’ul xodimi tomonidan yuritiladi.
M.Qosimova, O‘zA