Chorak asrlik sarsongarchilik barham topdi
Hafta boshida xorazmlik jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi “Ekranga sig‘magan gaplar” loyihasida Xorazm viloyatining Urganch tumani “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan fermer xo‘jaligiga qarashli maydonda 25-yildan beri uysiz, pasportsiz, oilasiz yashab kelgan, 1958-yili tug‘ilgan Samandar ota Xudayberganov to‘g‘risida namoyish qilingan videolavha keng jamoatchilikning e’tiborini tortdi.
Albatta, ushbu lavha O‘zbekiston “Adolat” SDP faollarini ham befarq qoldirmadi. Partiyaning Xorazm viloyat kengashi faollari, deputatlaridan tarkib topgan ishchi guruh Samandar Xudayberganov yashab kelayotgan dalaga borib, uning yashash sharoiti bilan tanishdi. Haqiqatan ham Samandar Xudayberganov yashash uchun hech qanday sharoit mavjud bo‘lmagan, sanitariya-gigiyena talablariga umuman mos kelmaydigan holatda, ya’ni dala chetida o‘ziga qo‘lbola kulba yasab olib, uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan ekan. U shu hududga yaqin mahallalarga borib, baklajka, qog‘oz va boshqa chiqindilarni to‘plab sotib, topgan mablag‘i evaziga kun kechirib kelgan. Samandar ota Xudayberganov bilan uchrashgan ishchi guruh a’zolari suhbat jarayonida otaxonning qanday qilib bu ahvolga tushib qolgani bilan qiziqishdi.

– Tosh qattiqmi, bosh qattiq, degan iborani mana shu dalada o‘tgan 25-yillik umrim davomida juda chuqur anglab yetdim, – deydi otaxon partiya faollari bilan suhbatda. – Kutilmaganda boshimga tushgan og‘ir kunlarda esankirab qoldim. Soddaligim tufayli firibgarlarning aldoviga uchib, bir kunda borimdan, uyimdan, oilamdan, bola-chaqamdan ayrildim. Buning ustiga hujjatlarimni ham yo‘qotib qo‘ydim. O‘sha paytlarda bosh urib bormagan joyim qolmagan. Lekin hech kim meni eshitmadi. Oxiri “Bu dunyoda haqiqat yo‘q ekan”, deb hammasiga qo‘l siltab, shu daladan panoh topdim. Qishning izg‘irinli kunlarida azob tortdim, sog‘ligim bo‘lmaganida mehrga muhtoj bo‘ldim. Lekin tan olib aytmasam, gunoh bo‘ladi, o‘tgan yillar mobaynida holimdan xabar olib turgan, oziq-ovqat, kiyim-kechak bergan saxovatpesha insonlar ham bo‘ldi.

Samandar otaning aytishicha, u bundan 25-yil muqaddam Urganch shahridagi mahallalardan birida, o‘z uyida, farzandlari va oilasi bag‘rida yashagan. Ustachilik qilib, oila tebratgan. Keyinchalik firibgarlarning gapiga kirib, tengsheriklikka tadbirkorlik qilish maqsadida uyini sotib, pulni o‘zi ishonib yurgan tanish-bilishlariga beradi. Oradan ma’lum bir muddat vaqt o‘tib, unga qop-qop va’dalar berib, uyning pulini olganlar o‘zlarining qarzdor ekanliklarini tan olishmaydi. Shu tariqa otaxon uysiz qoladi. Erining tayyor uyni sotib, ko‘chada qolganidan jahli chiqqan turmush o‘rtog‘i farzandlarini olib, Qirg‘iz Respublikasiga – ota uyiga ko‘chib ketadi. Hayot sinovlari oldida ojiz qolgan Samandar ota esa uysiz, ko‘chada qoladi.
Partiya ishchi guruhi sa’y-harakati bilan Samandar ota shaharga olib kelinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Vaqtincha Xonqa tumanidagi Muruvvat uyiga joylashtirildi. Ayni kunda partiya faollari tomonidan Samandar otaga Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan pasport olib berish uchun kerakli hujjatlar shakllantirildi va ro‘yxatga olindi. Shuningdek, otani nafaqa bilan ta’minlash hamda doimiy yashash joyi masalalarini hal etish ishlari boshlab yuborildi. Ayni damda otaxonning quvonchi cheksiz. Bugun biz bir kun avval ko‘rgan Samandar otaning butunlay aksi bo‘lgan, hayotdan rozi, ko‘zlari quvonchdan porlab turgan inson bilan Xonqadagi Muruvvat uyida yana uchrashib, suhbatlashdik.

– “Adolat” partiyasining adolatli faollaridan juda minnatdorman, – dedi otaxon. – To‘g‘risini aytsam, men allaqachon hamma narsadan umidimni uzib bo‘lgan edim. Yashashning qizig‘i qolmagan edi. “Adolat”chilar menga umid berishdi. Men ham inson ekanligimni, mening ham yashashga haqqim borligini yodimga solishdi. Shuncha yildan beri bugun ilk bor issiq xonada, yumshoq to‘shakda uxladim. Bu yurtda adolatparvar insonlar borligiga iymon keltirdim. Hozir ich-ichimdan hamma-hammalaringizga ming bor tashakkur, yaxshi odamlar, degim kelyapti.
Darhaqiqat, inson qadri baland bo‘lgan yurtda hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmaydi. Partiyamiz ko‘magi bilan endi Samandar ota ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Uning ko‘p yillik orzu-umidlari ro‘yobga chiqadi, qaddi va qadri baland faxriylarimiz safidan joy oladi, keksalikning bebaho lahzalaridan bahramand bo‘ladi.
Beixtiyor, hazrat Alisher Navoiyning quyidagi misralari yodga keldi:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Darhaqiqat, yurtimizda inson aziz, inson mukarram. Bugun bir vatandoshimizning egilgan qaddini tiklagan, hayotdan zada ko‘ngliga ishonch va quvonch tuyg‘ularini olib kirgan, buguniga va ertangi kuniga ishonch uyg‘ota olgan partiyadoshlarimizning savobli ishi ko‘pchilikning olqishi va samimiy e’tirofiga loyiq bo‘ladi, albatta.
Zamira Abdullayeva,
“Adolat” SDP Xorazm viloyat kengashi matbuot kotibi.
O‘zA