Cho‘milish havzasidagi kirdikorlar fosh bo‘ldi
Yoz mavsumida havo haroratining ko‘tarilishi sabab suvga bo‘lgan ehtiyoj ham ortadi. Shuning uchun bu mavsumda ichimlik suvidan samarali va maqsadli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ayni kunlarda mamlakatimizda ichimlik suvidan foydalanishda qonun buzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda.

“Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ hamda Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirida Qarshi tumanida ichimlik suvi tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi tumani Yuqori Beshkent mahallasi hududidan o‘tuvchi diametri 1020 mm bo‘lgan Talimarjon-Beshkent magistral ichimlik suvi quvuridan “Okean” cho‘milish havzasiga yashirincha quvur tortilib, toza ichimlik suvi basseynlarni to‘ldirish va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ishlatib kelingan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu noqonuniy ulanish orqali “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 951 million 650 ming 601 so‘mni tashkil etmoqda. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, ichimlik suvi resurslaridan faqat belgilangan tartibda va shartnoma asosida foydalanish mumkin. Xususan, aholi va tadbirkorlardan suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, uni iznsiz ishlatmaslik talab etiladi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA