Chjan katta biznes egasi
Gansu provinsiyasining Lunnanya shahrilik Chjan Nasin bolaligidan dehqonchilik va o‘simliklar yetishtirishga qiziqardi. O‘z maqsadiga yetishish uchun avval mukammal bilim olishga intildi. U AQSHning Kolumbiya shahridagi Janubiy Karolina universitetida to‘rt yil o‘qib, marketing, tadbirkorlik boshqaruvi va ta’minot zanjiri boshqaruvi yo‘nalishlarida tahsil oldi. Braziliyada nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamladi.
"90-yillar avlodi" vakili bo‘lgan yosh qiz xorijdan qaytgach, dastlab qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun boyitilgan o‘g‘it yetishtirish bilan shug‘ullandi. Oradan ko‘p o‘tmay issiqxona sharoitida qo‘ziqorinlar yetishtirishga kirishdi.
Bugun tadbirkor, yangilikka intiluvchan Chjan katta biznes egasi. Ham dehqonchilik, ham ilmiy tadqiqotlar olib borib, yirik qo‘ziqorin yetishtirish korxonasi hamda ishlab chiqarish majmuasi va agroturizmning yangi modeliga asos soldi. Asosan osma usulda yetishtirilayotgan “morchel”, “oltin quloq”, “qora va oq yog‘och qulog‘i”, “opyonok” kabi 18 turdagi qo‘ziqorin turlari Xitoyning sharqidan g‘arbigacha bo‘lgan iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Aynan uning sa’y-harakatlari bilan okrug "Xitoyning “qora yog‘och qulog‘i” qo‘ziqorini vatani", "Xitoyda “qora yog‘och qulog‘i” qo‘ziqorini yetishtiruvchi yirik hudud", "Qora yog‘och qulog‘i” qo‘ziqorini sanoati orqali qishloqlarni rivojlantirish milliy dasturini ilgari surish bo‘yicha muhim hudud" faxriy unvonlariga sazovor bo‘ldi.

– O‘shanda vatanimga bor-yo‘g‘i bitta ryukzak bilan kelgandim, hozir esa barcha buyumlarimni olib ketish uchun o‘nta mashina ham yetarli bo‘lmaydi, – deydi Chjan Nasin.
E’tiborlisi, majmuaga tashrif buyurgan sayyohlar issiqxonalardan o‘zlari yoqtirgan qo‘ziqorinlarni terib olishlari, shu yerda pishirib yeyishlari yoki erkin narxlarda xarid qilishlari mumkin. Bunday sharoit odamlarni qo‘ziqorinlarning xilma-xilligi bilan tanishtiradi va ularga tabiat bilan yanada yaqinroq bog‘lanish imkonini beradi.

<iframe width="1446" height="814" src="https://www.youtube.com/embed/_blNtInXlOw" title="Chjan katta biznes egasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Rustam Oripov, Elyor Olimov (video) O‘zA