Chiroqchida qishloq xo‘jaligi yerlariga noqonuniy qurilish qilindi
Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. “O‘zagroinspeksiya” viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida yer qonunchiligiga oid qator qonunbuzarlik holatlari aniqlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar–may oylari davomida viloyatning 14 ta tumanida jami 217 ta yer qonunchiligi buzilishi holati qayd etilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 106 ta material taqdim etilgan.

Xususan, Chiroqchi tumanida faoliyat yuritayotgan “Choshtepa dalasi” fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan 4,95 gektar sug‘oriladigan ekin maydonida noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilgani aniqlangan. Buning oqibatida mazkur yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat ortidan davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 3 milliard 740 million so‘mdan oshgan.

Shuningdek, tumandagi “Kenjayev Akbar Berdiyorovich” fermer xo‘jaligi tomonidan ham 3,08 gektar sug‘oriladigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada qishloq xo‘jaligi yerlari muomaladan chiqarilib, 2 milliard 327 million so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan.

Shunday qilib, ikki holatning o‘zida qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 6 milliard so‘mdan oshgan.
Ayni paytda aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha belgilangan tartibda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda. Mutasaddilar yer resurslaridan samarali va qonuniy foydalanish ustidan nazorat ishlari izchil davom ettirilishini ta’kidlamoqda.
Muhayyo Toshqorayeva
O‘zA