Chirchiqda egizak chaqaloqlar tug‘ilishi ortmoqda
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 6 avgust kunigacha Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 2 ming 310 nafar bola dunyoga kelgan bo‘lib, shundan 1 ming 206 nafari o‘g‘il bola, 1 ming 104 nafari esa qiz. Shu kunga qadar 14 juft egizak tug‘ilgan bo‘lib, uch egizakning tug‘ilishi joriy yilda ikkinchi marotaba qayd etildi.
Xususan, 6 avgust kuni Chirchiq shahar “Iftixor” mahallasida yashovchi Sheroz va Gulnora Sharaxmetovlar oilasida bir yo‘la uch nafar egizak qiz farzand dunyoga keldi.
Ota-onasi chaqaloqlarga Mubina, Muslima va Mo‘mina, deb ism qo‘ydi. Ayni paytda oiladagi bolalar soni 4 nafarga yetdi. Bungacha Sharaxmetovlarning bir o‘g‘li bo‘lgan.
Oila vakillari ayni paytda go‘daklarning ahvoli yaxshiligini, ona va bolalar hali ham viloyat perinatal markazida shifokorlar nazorati ostida ekanligini ma’lum qildi. 11 avgust kuni Chirchiq shahar FHDYO bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar egizaklarning otasi Sheroz Sharaxmetovga topshirildi.
A.Musayev, O‘zA