“Chirchiq” poligonida yangi majmua ochildi
Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” dala o‘quv maydoni hududida barpo etilgan otlar uchun maxsus majmua foydalanishga topshirildi.
Shu munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mudofaa vaziri o‘rinbosari, okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, Qurolli Kuchlar faxriylari, kuch tuzilmalari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yerda tog‘ oldi va tog‘ hududlarining notekis joylarida texnikalar harakatlanishi cheklangani sababli jangovar guruhning og‘ir bo‘lgan qurollar va o‘q-dorilarni, harbiy anjom va yuklarini sifatli va tezkor tashishga, chegaralarimizda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarning faoliyatiga ko‘maklashadigan jangovar va zotdor otlar parvarishlanadi. Qolaversa, hududda esa zamon talablari asosida barpo etilgan majmua ot sporti bilan bog‘liq turli musobaqalarni o‘tkazish, shuningdek, mahalliy va xalqaro maydonda bo‘ladigan bellashuvlarga munosib ravishda tayyorgarlik ko‘rishga mo‘ljallangan.

Tadbirda so‘z olganlar yaratilgan sharoitlar haqida gapirar ekan, harbiy xizmatchilarni yangi bosqichdagi yutuqlari bilan samimiy tabrikladi. Bu kabi e’tibor va imkoniyatlardan unumli foydalanib, qo‘shinlarimiz faoliyatida zarur bo‘ladigan yordamchi, milliy va xalqaro musobaqalarda g‘alabaga eltuvchi otlarni yetishtirib chiqarishiga ishonch bildirdi.

Darhaqiqat, yurtimizda ot choptirish, uloq-ko‘pkari kabi musobaqalar xalq orasida keng ommalashgan. Jismoniy kuch, epchillik bilan birgalikda halollik, mardlik, dovyuraklik kabi jihatlarga asoslangan bu o‘yinlar yoshlarni ana shu fazilatlar asosida tarbiyalash, salomatlikni mustahkamlash vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Shu sabab nafaqat Mudofaa vazirligi tizimida, balki respublikamiz bo‘ylab zotdor otlarni parvarishlash, ot sportini rivojlantirish borasidagi ishlar samarali yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu kuni majmua tarkibida joylashgan maxsus maydonlar va unga tutash hududlarda yoshlar o‘rtasida milliy sport musobaqalari, kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari ishtirokida esa milliy, harbiy, madaniy va qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan “Ot poygasi”, “Ot ustida kurash” va “Jamoaviy uloq-ko‘pkari” bellashuvlari o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
A.Musayev,O‘zA.