Chiranma gʻoz – hunaring oz
Guliston tumani Yulduz mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oqib oʻtuvchi Doʻstlik kanaliga tushib ketgan “Neksiya” rusumli avtomashina Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi tomonidan suvdan olib chiqildi.
Guliston tumani Yulduz mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oqib oʻtuvchi Doʻstlik kanaliga tushib ketgan “Neksiya” rusumli avtomashina Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi tomonidan suvdan olib chiqildi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati FVB axborot xizmati xabar berdi.
Baʼzan koʻra bila turib, baʼzida oʻzingiz ham bilmagan holda turli xavfli “truk”larni bajarib qoʻyasiz. Bu “ish”ingiz yaxshilik bilan tugasa, xoʻb-xoʻb. Ammo Boyovut tumani Sh.Rashidov mahallasida yashovchi fuqaro Tavakkalqul Gazbosarov(ismi-sharifi oʻzgaritilgan)ga oʻxshab, tavakkal qilib, oxirgi oqibatini oʻylamay, katta kanal ustidan oʻz avtomobilingizda “sakrab oʻtish mashqi”ni bajarishni xoxlab qolsangiz bormi? Yoʻgʻ joydan 10-15 million soʻmga oʻzingizni-oʻzingiz chuv tushirib oʻtiribsizda...
Joriy yilning 2-noyabr, kuppa-kunduzi soat 11:45 da viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchi-dispetcherlik xizmati “1050” qisqa raqamiga Boyovut tumani Sh.Rashidov mahallasida yashovchi fuqaro Tavakkalqul Gazbosarov oʻziga tegishli boʻlgan “Neksiya” avtomashinasi Guliston tumani hududidan oqib oʻtuvchi Doʻstlik kanaliga tushib ketganligini maʼlum qilib murojaat etgan.
Qabul qilingan xabarga asosan, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadidan 4 nafar yongʻin-qutqaruvchi (gʻavvoslar guruhi) belgilangan manzilga zudlik bilan yetib borib, voqea joyi oʻrganilganda, haqiqatdan ham, “Neksiya” avtomashinasi Doʻstlik kanaliga tushib ketganligi maʼlum boʻldi.
Zudlik bilan qutqaruv ishlari olib borilib, Guliston tumani Yulduz MFY xududidan oqib oʻtuvchi kanalga tushib ketgan mashina kanaldan olib chiqilib, oʻz egasiga topshirildi.
Ushbu xavfli “truk” natijasida sodir etilgan avto-ulov halokatining sabablari mutasaddi idora vakillari tomonidan oʻrganilmoqda.