Chiqindilarni qayta ishlashda xalqaro hamkorlik
Ispaniyaning “Sercobe” sanoat texnologiyalari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi Farg‘onada chiqindilarni qayta ishlash sohasiga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Ispaniyaning “Sercobe” sanoat texnologiyalari ishlab chiqaruvchilar uyushmasining Sharqiy Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha direktori Xektor Rodrigesni qabul qildi. Ispaniyadagi 130 dan ziyod yirik kompaniyalari hamda 4 ta sohaviy assotsiatsiyalarini o‘zida birlashtirgan “Sercobe” Farg‘ona viloyatida chiqindilarni qayta ishlash sohasiga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvda kelgusi hamkorlikning tamoyillari, chiqindilarni qayta ishlashda Ispaniya kompaniyalarining tajribalari hamda yondashuvlari, Farg‘ona viloyatida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash sohasi uchun zarur mahalliy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ispaniya tomoni viloyatdagi chiqindilarning hajmi, ularning tarkibi, chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish jarayonlari borasida to‘liq ma’lumotlar asosida hamkorlikning muqobil variantlarini taklif qilishlarini hamda investitsiya hajmini ma’lum qilishlarini bildirishdi. Bunda to‘la xorijiy investitsiya asosidagi korxona, mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda qo‘shma korxona shaklida yoki davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Investorlarning investitsiyalarni va tavakkalchiliklarni sug‘urtalash hamda ularning hamkorlikka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida «Asko Vostok» sug‘urta kompaniyasi ham ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirgan. Yaqin kunlarda aniq loyiha ustida muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
M. Sulaymonov, O‘zA