Chiqindilarni qayta ishlash darajasi 6,5 foizni tashkil etgan
Bugun ekologik masalalar eng dolzarblashib borayotgan muammolardandir. Shu bois, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan. Birgina “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 104 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etilib, 183 ming dona ko‘chat ekilgan. Shuningdek, 21,7 ming gektar maydonda daraxt va butalarni kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish tadbirlari amalga oshirilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning tizim tashkilotlarini saqlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun respublika byudjetidan mablag‘lar ajratilishi ta’minlangan. Mazkur mablag‘larning 274 milliard so‘mi yangi tashkil etilgan Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning hisobidan hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastrlarini yuritish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilganidek, cho‘llanish va qum ko‘chishining oldini olish maqsadida hisobot davrida 1 ming 7 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 8,6 million dona ko‘chat yetishtirilgan.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari davlat byudjeti xarajatlarini “yashil” byudjetlashtirish tamoyillari asosida baholash natijalariga ham e’tibor qaratdilar. Hisobotga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarim yilligida jami 205,6 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari ushbu tamoyillar asosida tasniflangan. Shundan 10,2 foizi atrof-muhit maqsadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi “A” toifaga, 3,7 foizi ijobiy va salbiy ta’sirlar uyg‘unligiga ega “B” toifaga kiritilgan. Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi “C” toifa xarajatlari 0,04 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida aholining maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi 64 foizni, chiqindilarni qayta ishlash darajasi esa 6,5 foizni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar chiqindilarni saralash va qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirish, poligonlarni rekultivatsiya qilish hamda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish belgilangan.
M.Komilova, O‘zA