Chiqindidan qiymat va elektr energiyasi
Buxoro viloyatida chiqindilarni boshqarish tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqish, ularni qayta ishlash orqali iqtisodiy qiymat yaratish hamda elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish, resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida Buxoroda ham chiqindilarni shunchaki maishiy chiqindi emas, balki iqtisodiy resurs sifatida qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Xitoyning “Wangneng Environment Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan “Aholi Trans” MCHJ negizida qiymati 170 million AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyiha doirasida chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, ulardan qo‘shimcha qiymat yaratish va elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa bir vaqtning o‘zida ikki muhim vazifani — hududda chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish va energiya ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlaydi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov “Wangneng Environment Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, investitsiya loyihasini amaliy bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Muloqotda loyihaning amaliy ijrosini ta’minlash, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, mavjud tashkiliy masalalarni tezkor hal etish hamda belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, chiqindilarni barqaror yetkazib berish va loyiha natijasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma shartlarini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli yechimlarni ishlab chiqish va aniq takliflarni shakllantirishga kelishib olishdi.
Mutaxassislar nuqtai nazaridan qaraganda, bunday loyihalarning ahamiyati faqat investitsiya hajmi bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va ulardan energiya olishni yagona texnologik zanjirga birlashtirish orqali hududda aylanma iqtisodiyot elementlari shakllanadi. Natijada chiqindilarni poligonlarga joylashtirish hajmini kamaytirish, yer va tabiiy resurslarga tushadigan ekologik bosimni pasaytirish, chiqindidan ikkilamchi xomashyo va energiya olish imkoniyatini kengaytirish mumkin bo‘ladi.
Shu jihatdan loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni hududlarga keng joriy etish bo‘yicha tashabbuslarning Buxoro viloyatidagi amaliy ifodalaridan biri sifatida ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri