Chiqindi poligonlaridagi yong‘inlar – global muammo
So‘nggi kunlarda Ohangaron chiqindi poligonida yuz bergan yong‘in ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Ayrimlar bu holatni chiqindilar hajmini kamaytirish maqsadida ataylab amalga oshiriladi, degan taxminlarni ham ilgari surmoqda. Biroq mutaxassislar ta’kidlayotganidek, poligonlardagi yong‘inlarning kelib chiqishi sun’iy emas, balki tabiiy va texnologik omillar bilan bog‘liq.
Chiqindini yoqish hech kimga manfaat keltirmaydi
Poligonda yuz bergan yong‘in, eng avvalo, uni boshqarayotgan tashkilot uchun katta iqtisodiy zarar demakdir. Yong‘inni bartaraf etish uchun yuzlab tonna suv, maxsus texnika, yonilg‘i, tuproq hamda ko‘p sonli inson resurslari safarbar qilinadi. Bu esa chiqindini qayta ishlash orqali daromad olish mumkin bo‘lgan sharoitda hech qanday iqtisodiy mantiqqa ega emas.
Bugungi kunda mamlakatdagi poligonlarda chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini kengaytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu esa chiqindini yoqish emas, uni iqtisodiy resursga aylantirish ustuvor vazifaga aylanganini ko‘rsatadi.
Yong‘inlarning asosiy sababi – tabiiy jarayonlar
Mutaxassislar fikricha, poligonlardagi yong‘inlar asosan to‘rtta omil ta’sirida sodir bo‘ladi.
Avvalo, maishiy chiqindilarning qariyb yarmini organik chiqindilar tashkil etadi. Jazirama havoda ular parchalanib, metan va boshqa yonuvchan gazlarni hosil qiladi. Poligon ichida to‘plangan ushbu gazlar kichik uchqun yoki yuqori harorat ta’sirida ham yirik yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi omil – gaz saqlangan aerozol idishlari va zajigalkalardir. Kuchli issiq ta’sirida ular ichidagi bosim oshib, portlash xavfi yuzaga keladi va atrofdagi chiqindilarni alangalantiradi.
Uchinchi sabab sifatida shisha bo‘laklarining quyosh nurini bir nuqtaga jamlab, lupa vazifasini bajarishi keltiriladi. Bu holat ayniqsa, plastik va polietilen chiqindilarining yonish ehtimolini oshiradi.
To‘rtinchi omil esa ovqatlanish shoxobchalari va xonadonlardan chiqariladigan kul hisoblanadi. Sirtdan sovugandek ko‘ringan kulning ichidagi cho‘g‘ bir necha kun saqlanishi mumkin. Poligonga kelib tushgach, yuqori harorat ta’sirida u chiqindilarning ichki qatlamida yong‘inni boshlab beradi.
Tabiiy jarayonlar asosiy sabab bo‘lsa-da, inson omilini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ayrim poligonlarda chiqindilarni qatlamlab joylashtirish, zichlash va har kuni tuproq bilan qoplash kabi ekologik talablarga yetarli darajada amal qilinmagan. Bu esa chiqindilar orasida havo bo‘shliqlari paydo bo‘lishiga, metan va kislorodning o‘zaro ta’siri kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, poligonlarni zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarish, ekologik talablarga qat’iy rioya qilish va doimiy nazoratni kuchaytirish yong‘inlar xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Chiqindi poligonlaridagi yong‘inlar – global muammo
Chiqindi poligonlaridagi yong‘inlar dunyoning ko‘plab davlatlarida kuzatiladi. Hatto iqlimi nisbatan salqin bo‘lgan mamlakatlarda ham har yili o‘nlab shunday holatlar qayd etiladi. Bu esa mazkur masala global ekologik muammo ekanini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ham profilaktika choralari kuchaytirilgani natijasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar o‘tgan 2025-yil davomida poligonlarda 44 ta yong‘in qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yil boshidan buyon ularning soni 19 tani tashkil etgan.
Chiqindi poligonlaridagi yong‘inlarni turli taxminlar bilan emas, ilmiy va texnologik jihatdan baholash muhim. Muammoning yechimi chiqindilarni saralash madaniyatini rivojlantirish, aholi ekologik ongini oshirish, poligonlarni zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazish va ekologik talablarga qat’iy amal qilish bilan bevosita bog‘liq.
Chiqindiga munosabatni o‘zgartirish nafaqat yong‘inlar xavfini kamaytiradi, balki atrof-muhit muhofazasi, aholi salomatligi va qayta ishlash iqtisodiyotini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA