Chiqindi masalasi jamoatchilik nazoratida
“Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi jamoatchilik eshituvida viloyatda chiqindilarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Unda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasining viloyat hududiy boshqarmasi rahbarlarining sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda chiqindilarni boshqarish, ularni saralash va qayta ishlash orqali iqtisodiyot uchun zarur xomashyoga aylantirish butun dunyoda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Aholi soni va iste’mol hajmi ortib borayotgan sharoitda chiqindilarni ekologik talablar asosida boshqarish, poligonlar faoliyatini tartibga solish hamda ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish muhim vazifadir.

– “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida Navoiy viloyatida qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish darajasini 9,7 foizga yetkazish vazifasi belgilangan, – deydi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shomurod G‘aybullayev. –- Bu borada rekultivatsiya qilinishi lozim bo‘lgan poligonlar ro‘yxati shakllantirilib, ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarni joriy etish, eski poligonlarni bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilish va ulardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jamoatchilik monitoringi jarayonida sohada yechimini kutayotgan qator muammolar ham aniqlangan. Xususan, Navbahor va Tomdi tumanlaridagi chiqindi poligonlariga olib boruvchi ayrim yo‘llarning qum qoplamali ekani maxsus texnikalar harakatiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bu esa chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar ish unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, maxsus texnikalarning tez-tez ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
– Monitoringlar davomida rekultivatsiya qilingan ayrim chiqindi poligonlarining ham belgilangan talablarga to‘liq mos emasligi aniqlangan, – deydi “Yuksalish” harakatining viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorov. – Shu munosabat bilan rekultivatsiya ishlarini sifatli tashkil etish va belgilangan ekologik talablarga qat’iy rioya qilish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berilgan. Bugungi jamoatchilik eshituvi davomida eski chiqindi poligonlarini yashil hududlarga aylantirish, poligonlarga olib boruvchi yo‘llarning holatini yaxshilash, bu borada mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Chiqindilarni boshqarishda faqat maxsus texnikalar yoki poligonlarning holati emas, balki aholining ekologik madaniyati ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois chiqindilarni xonadonlarning o‘zida, ya’ni birlamchi bo‘g‘inda saralash madaniyatini shakllantirish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etish, mavjud poligonlarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Eshituvda sanitariya-gigiyena masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, chiqindi konteynerlari atrofining muntazam dezinfeksiya qilinmasligi aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Chiqindi tashish mashinalarining poligonlarda yuvilmasligi va dezinfeksiya qilinmasligi, ayrim hollarda poligonlarning o‘zida ham dezinfeksiya ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda chiqindilarni boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish muhim. Chiqindini faqat olib chiqib ketish emas, balki uni saralash, qayta ishlash va ikkilamchi xomashyo sifatida iqtisodiy aylanmaga qaytarish orqali ham ekologik, ham iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
Jamoatchilik eshituvida sohadagi muammolar bilan bir qatorda aholining chiqindi tashlash madaniyatini oshirish, ekologik ongni yuksaltirish va bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda jamoatchilik guruhi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, soha mutaxassislari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri