Chimboyda yangi tekstil korxonasi ish boshladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “HD Sons” tekstil korxonasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi korxonaning ochilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida hududlarni kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish va sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu asosda shahar va tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilib, yangi sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda va aholi bandligini ta’minlash, turmush darajasini oshirish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Shunday loyihalar qatorida Chimboy tumanida yangidan barpo etilgan “HD Sons” tekstil korxonasini qayd etish mumkin.

Darhaqiqat, Orolbo‘yi hududiga qaratayotgan alohida e’tibor natijasida Chimboy tumanida ham investitsiya loyihalarni amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va aholi bandligini ta’minlash borasida aniq amaliy chora-tadbirlar davom etmoqda. Umumiy qiymati 15 million AQSH dollari bo‘lgan yangidan ochilgan tekstil korxonasi to‘liq quvvatda ishga tushishi bilan yillik 7 ming tonna xomashyoni qayta ishlash va 4 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 6,5 million AQSH dollardan ziyod mahsulotni eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar bandligi ta’minlanadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi korxona faoliyati hamda ishchi xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.