Chexiya va O‘zbekiston. Qayta bog‘langan tarixiy rishtalar...
Muqaddima
Jahon san’atida “Oltin Praga” tushunchasi juda mashhur. Shu nom ostida ko‘plab mashhur kinolar, fotograf, mo‘yqalam ustalarining tasviriy san’at asarlari, his-hayajonga to‘la, yurakdan aytiladigan kuy-qo‘shiqlar yaratilgani bejiz emas. Zero, ayniqsa shu kunlarda kuzgi manzarali daraxtlar oltin bargi bilan bezangan Praga shahri har bir mehmon, sayyoh qalbida chuqur iz, yorqin taassurot qoldiradi. Shuning uchunmi, bizda Yevropaning o‘ziga xos tarixiy obidalarga boy bu kentini Samarqand, Shahrisabz va Xivaga qiyoslashadi.
Tarixga nazar
O‘zbekiston va Chexiya munosabatlari, aslida, ancha yillar oldin boshlangan. Chexlar diyorimizda XIX asr oxirida paydo bo‘lgan. Mashhur musiqachi Vatslav Leysek ulardan biri edi. O‘zbeklar orasida yashab, milliy madaniyatimizni o‘rgana boshlagan Leysek o‘zbek kuylari bilan jiddiy qiziqib qoladi va kapelmeysterlik qiladi, musiqadan saboq beradi. 1890 yil “Saratov, qirg‘iz va tatar qo‘shiqlarida Osiyo popurrisi” nomli kitobini chop ettiradi. Xullas, Vatslav Leysek Toshkentda xor san’atiga asos solgan mutaxassislardan biri sifatida tarixda qolgan.
O‘tgan asr 20-yillarida taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga kelib qolgan harbiy asirlarni sobiq Chexoslovakiyaga qaytarish jarayonida ko‘pchilik Turkistonda qolishni ixtiyor etadi. Ularning ayrimlari qaytib kelishadi ham. Masalan, arxitektor Yaroslav Gaazenkopf poytaxtimizga qaytib, Toshkentning bosh me’mori lavozimida xizmat qilgan. Uning qizi O.Gaazenkopf ham shu yerda o‘qib, arxitektor bo‘lib yetishdi. Shu ayol Chilonzor hududidagi ko‘p qavatli uylarni loyihalashtirishda bevosita va faol ishtirok etgani ma’lum.
Mashhur jurnalist, yozuvchi Yulius Fuchikning taqdiri ham O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq. 1930, 1934-1936 yillarda Yulius Toshkentda yashab, ijod qilgan, kitoblar chiqargan. “V strane, gde nashe zavtra yavlyayetsya uje vcherashnim dnyom” – “Ertangi kunimiz o‘tmishga aylanib bo‘lgan mamlakatda” nomli kitobi shunday asarlardan biri. Toshkentda 1982 yildan boshlab ko‘p yillar Yulius Fuchik muzeyi ishlab turar edi (Afsuski, hozir muzey yopilgan, bu masala bilan tegishli mas’ullar shug‘ullanishsa, yaxshi bo‘lardi).
Zamonaviy munosabatlar poydevori
Chexiya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 24 yanvar kuni tan olgan. O‘sha yil Toshkentda ushbu davlatning savdo vakolatxonasi ochildi. 1994 yil 1 noyabrda esa vakolatxona xorijiy davlatning O‘zbekistondagi to‘laqonli elchixonasiga aylandi. Demak, kelasi yil O‘zbekiston – Chexiya diplomatik aloqalari o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi.
Yaqin iqtisodiy hamkorlik – umumiy taraqqiyot garovi
Yillar davomida ikki mamlakat munosabati rivojlanib, yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Shu yil aprel oyida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Bosh vazirlar Petr Fiala bilan Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Chexiya hukumati rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi.
Muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi, o‘zaro munosabatning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Petr Fialaning fikricha, ilgari faqat paxta yetishtirgan O‘zbekiston bugun turli-tuman yuqori sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Respublikada kon-metallurgiya, temir eritish, avtomobil korxonalari ishlab turibdi. Ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash bugungi kunda rekord ko‘rsatkichga erishgan. 2022 yil jami savdo-sotiq miqdori 184,8 million dollarni tashkil qildi. Shundan 30,5 millioni O‘zbekistonga importni tashkil etadi, 154,2 million dollarlik mahsulot Chexiyaga jo‘natildi.
Fialaning yurtimizga tashrifi munosabati bilan 25 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan biznes-forumda martabali mehmon Chexiyani O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim hamkorlaridan biri ekanini bildirdi. So‘nggi yillarda iqtisodiyot, investitsiya sohalaridagi aloqa ancha mustahkamlandi. O‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratildi.
O‘zbekistonda Chexiya bilan 50 ta qo‘shma korxona mavjud. Shundan 21 tasi 100 foiz chex kapitali hisobiga faoliyat yurgizadi. Yil boshidan Chexiya bilan savdo miqdori 2,6 barobar oshgan. Uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi alohida ko‘rib chiqildi.
Biz Chexiyadan qora metalldan tayyorlangan asbob-uskuna, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari va elektr moslamalari keltiramiz. Chexiyada O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan, shoyi-ipagidan to‘qilgan, tabiiy gazlamasidan tikilgan kiyim-kechakka ehtiyoj yuqori.
Ikki davlat ishbilarmon-tadbirkorlari Kengashi faoliyati tiklanib, Toshkent va Pragada, shuningdek har ikki tomon hududlarida muntazam ravishda biznes-forumlar o‘tkazishga kelishildi.
– O‘zbekiston hozir Markaziy Osiyoning iqtisodiy sardori, lideri, – deb yozgan edi Tvitterdagi sahifasida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala. – Shu bois “Škoda Auto”, “Škoda Transportation” kabi yirik chex investorlarida O‘zbekistonga jiddiy qiziqish uyg‘ongan, o‘zaro hamkorlik qilish ishtiyoqi ham tobora oshmoqda.
Hukumatimiz rahbari Abdulla Aripovning janob Fiala hamda ushbu davlat transport vaziri Martin Kupka bilan kechgan uchrashuvida yurtimizga Chexiyadan poyezd, tramvay, avtobus yetkazib berish masalasi muhokama qilindi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zaro muzokaralarda yer osti boyliklari qazib olish, energetika tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm sanoat, transport sohalarida sheriklikni rivojlantirish istiqboli ham tahlil qilindi.
Chexiyaning “Hamkorlik va taraqqiyot lokal loyihasi” bo‘yicha Nukusdagi Respublika bolalar klinikasiga zamonaviy meditsina texnikasi beg‘araz yetkazib berildi. Ushbu ko‘mak Chexiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Orolbo‘yi genofondini himoya qilish maqsadiga yo‘naltirilgan homiylik yordami – granti asosida amalga oshirildi.
Ikki tomonlama jadal sa’y-harakatlar istiqbolga yetaklaydi
Eng muhimi, O‘zbekiston va Chexiya samarali hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi harakatlar izchillik kasb etgan. 10-11 oktyabr kunlari Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligidagi hukumatimiz delegatsiyasining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ham fikrimizga yaqqol dalil.
Mazkur tashrif doirasida dastlab ikki Bosh vazir yetakchiligida hukumat delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyamiz a’zolari Brno shahrida an’anaviy tarzda 60 yildan beri har yili o‘tkazib kelinayotgan “MSV 2023” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ham ishtirok etib, mamlakatimiz eksport salohiyatini namoyish etdilar.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimida A.Aripov so‘zga chiqib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xorijiy sarmoyadorlar, savdo-sotiq ishlari, kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Aytish joiz, 43 davlatdan 1 260 kompaniya ishtirok etgan mana shunday yirik, nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston alohida stend bilan ilk bor qatnashdi.
“Made in Uzbekistan” milliy stendiga mamlakatimizning metallurgiya, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish borasidagi salohiyatidan namunalar qo‘yildi.
11 oktyabr kuni Praga shahrida O‘zbekiston – Chexiya biznes forumi o‘tkazildi.
Ikki mamlakat Bosh vazirlari qatnashgan tadbir yakunlari bo‘yicha muhim ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi va imzolandi.
Xususan, 30 million yevro miqdorida xorijiy kredit liniyasini jalb etish bo‘yicha “O‘zmilliybank” va Chexiya eksport banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bank-moliya sohasida erishilgan muhim kelishuv bo‘ldi.
Mazkur muhim voqealar bilan bir vaqtda Toshkentda O‘zbekiston – Chexiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda qishloq xo‘jaligi vaziri Marek Viborniy boshchiligidagi Chexiya Respublikasi delegatsiya a’zolari, ko‘plab xorijlik va mahalliy ekspertlar, ishbilarmon doira vakillari, olimlar ishtirok etdi.
– Hamkasblarimiz bilan sohaga doir eng muhim masalalarni, birga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq yo‘nalishlarni belgilab oldik, – dedi M.Viborniy. – O‘zbekiston yuqori salohiyatga ega mamlakat. Bugun biz nafaqat fikr almashdik, balki kelgusida amalga oshiriladigan aniq loyihalarni ham belgilab oldik. Jumladan, ikki tomonlama memorandum imzoladik. Bu hujjatda ilmiy yo‘nalishda hamkorlik qilish ham ko‘zda tutilgan. Chexiyada ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olyapti. Shu bois aynan agrar sohadagi ilmiy muassasalar bilan muhim kelishuvlarga erishdik. Forum doirasida B2B uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tdi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Chexiya keng ko‘lamli hamkorligini yanada rivojlantirishga intilish har ikki tomonning ustuvor maqsadi ekanligi ayon. Eng muhimi, ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish xohish-istagi aniq sa’y-harakatlar, amaliy chora-tadbirlarda aks etmoqda.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi