Chet tilini o‘qitish takomillashmoqda
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, yoshlarning intellektual salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, yoshlarning intellektual salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjatga binoan 2013-2014 o‘quv yilidan barcha chet tillar, xususan, ingliz tilini o‘rganish umumta’lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzida va og‘zaki nutq darsi shaklida, ikkinchi sinfdan esa, alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirish bosqichma-bosqich boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash, birinchi sinf o‘quvchilariga chet tilini o‘rgatish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standarti ishlab chiqildi. Unga ko‘ra davlat ta’lim standartlari va chet tillarini birinchi sinfdan boshlab bosqichma-bosqich o‘qitish bo‘yicha yangi o‘quv rejasi tasdiqlandi. Standartlar asosida umumiy o‘rta ta’limning 1-9 sinflari uchun ingliz, fransuz va nemis tillaridan maxsus o‘quv dasturlari yaratildi.
Qaror ijrosi doirasida chet tillarni o‘qitishning kompleks tizimi yaratildi. Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida ham chet tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Institutimizda fevral oyi davomida ingliz va nemis tillari fanlari o‘qituvchilari malaka oshirmoqda, – deydi katta o‘qituvchi Kamol Qurbonboyev. – Ularga davlat ta’lim standartlariga ko‘ra, eng so‘nggi pedagogik texnologiya yangiliklari, multimedia hamda boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan “Kids English” kitoblari asosida mashg‘ulotlar olib borish tajribasi o‘rgatilmoqda. Birinchi sinfda bolajonlar xorijiy tillarni faqat so‘zlashuv, ko‘rish va eshitish, turli o‘yinlar va harakatlar vositasida o‘rganadi. Ikkinchi sinfda alifbo va grammatikadan saboq beriladi. Yaqinda nashrdan chiqqan uchinchi sinf uchun “Kids English” kitobi esa maktablarda sinov-tajriba tariqasida o‘qitilmoqda.
Ana shunday tajriba-sinov olib borilayotgan Nukus shahridagi 12-umumta’lim maktabining chet tili fani o‘qituvchilari shu yil yanvar oyida Toshkentda malaka oshirib qaytdi.
– Poytaxtimizda bir hafta davomida o‘rganganlarimizni amaliyotda qo‘llayotganimiz yaxshi samara bermoqda, – deydi ingliz tili o‘qituvchisi Guljamol Yembergenova. – Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari xorijiy tillarni qunt bilan o‘rganmoqda. Masalan, ular ingliz tilida erkin muloqot qilib, she’r, ertak va hikoyalar so‘zlaydi. Vatan haqidagi har qanday savolga ingliz tilida bemalol javob qaytara oladi.
Mazkur maktabning ingliz tili xonalari komputer, videoproyektor, televizor, DVD pleyer, monitor va ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlangani o‘g‘il-qizlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga xizmat qilayotir. Darslar og‘zaki nutq, qiziqarli o‘yin va savol-javoblar tarzida o‘tilayotgani o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi yuqori bo‘lishini ta’minlamoqda.